platina.uz
Iqtisod

Shavkat Mirziyoyev qator siyosatchilar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda Xitoy kompaniyasi avtomobil yoʻllari qurilishida ishtirok etishi boʻyicha kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev qator siyosatchilar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Lombardiya Italiyaning aholisi eng koʻp va yirik hududlaridan biri boʻlib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan oʻtgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, zaʼfaron yetishtirish, notoʻqima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilgʻor texnologiyalari va investitsiyalarini Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida Oʻzbekistonning sanoat va eksport salohiyati koʻrgazmasini oʻtkazish, savdo uyi ochish va "Uzbek Organic" brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026 yilda Milanda Oʻzbekiston muzeylarining koʻrgazmasini tashkil etish masalasi oʻrganilmoqda.

Gubernator, oʻz navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston hududlari bilan keng koʻlamli sheriklikni yoʻlga qoʻyishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Milan shahrida boʻlib oʻtadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda “Amea Power”, “Etihad Water & Electricity”, “TAQA Water Solutions”, “AD Ports” va “Masdar” kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyidagi BAAga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston-BAA strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qoʻshma korxonalar va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni oshmoqda.

Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi. Toʻrtinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida BAA kompaniyalari bilan qator yangi kelishuvlar imzolandi.

Energetika, transport, logistika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, shaharsozlik, suv taʼminoti va boshqa yoʻnalishlardagi yirik loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Oʻzbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi yirik kompaniyalar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda "Vision Invest" va "Riyadh Cables" kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ushbu mamlakat ishbilarmonlari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va yurtimizdagi ustuvor loyihalarni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Saudiyaning "ACWA Power" va boshqa kompaniyalari bilan sermahsul sheriklik yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli 24 milliard dollarga yetgan. "Yashil" energetika sohasidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida “yashil” vodorod ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, axborot texnologiyalari, transport, kommunal xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining Oʻzbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻtgan yilning oʻzida ushbu mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

"China State Construction" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrida yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuksak baholandi. Toshkent shahrida madaniyat obʼektlarini tashkil etish boʻyicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda kompaniya avtomobil yoʻllari qurilishida ishtirok etishi toʻgʻrisida kelishib olindi.

"China General Nuclear Power" korporatsiyasi raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda togʻ-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida boʻldi. Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni oʻzlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

"CAMCE" korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtimizda Olimpiya shaharchasini barpo etish boʻyicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi "Yangi avlod" industrial texnoparki jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Qoʻshma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

"Goldwind" kompaniyasi raisi Vu Gang bilan kompaniyaning "yashil" energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonda kompaniya bilan birgalikda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.

"ZTO Express" kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan davlatimiz rahbariga Oʻzbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha onlayn platformani ishga tushirish va "aqlli" logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonenni qabul qildi.

Suhbat avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston bilan EXHT oʻrtasida amaliy aloqalarni mustahkamlash hamda Oʻzbekiston-Finlyandiya hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Milliy saylov tizimini modernizatsiya qilish, ommaviy axborot vositalari erkinligini taʼminlash, gender va yoshlar masalalari, "yashil" kun tartibi boʻyicha tashkilot bilan konstruktiv hamkorlik rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqlim xavfsizligi va barqaror rivojlanish masalalariga eʼtiborni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston-Finlyandiya munosabatlarining, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi kun tartibi batafsil koʻrib chiqildi.

Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, boʻlajak tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid