platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston Rossiya tashqi ishlar vazirligiga nota yoʻlladi

Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qoʻpol muomalalar kuzatilayotgani bunga sabab boʻlgan. 

Oʻzbekiston Rossiya tashqi ishlar vazirligiga nota yoʻlladi

Oʻzbekiston Moskvada migrantlarga noinsoniy munosabat koʻrsatilgani sabab Rossiya TIVga nota yubordi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

"Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qoʻpol muomalalar kuzatilayotgani toʻgʻrisidagi xabarlar tashvish uygʻotayotganini taʼkidladik.

Bunday holatlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarga aslo toʻgʻri kelmasligi, ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga eʼtibor qaratdik", deyiladi TIV xabarida.

Ushbu masala yuzasidan Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilmoqda.

Oʻzbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini taʼminlashga chaqirgan.

Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirilgan.

Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib boʻlmas holatligi taʼkidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish soʻralgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani oʻzining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qoʻshimcha choralar koʻrishni davom ettiradi, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid