"Beeline"ga abonent toʻlovini yechish shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha koʻrsatma berildi
Abonent balansida yetarli mablagʻ boʻlmasa, unga avtomatik kunlik tariflar taqdim etiladi. Kunlik tarif rejasini ixtiyoriy ravishda yoqish yoki oʻchirish, xizmatni rad qilish imkoniyati isteʼmolchida mavjud emas.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Beeline”ga oylik va kunlik abonent toʻlovi yechish shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Qoʻmitaga 2024 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8,2 foizi va joriy yilning dastlabki 4 oyi davomidagi 8,9 foizi telekommunikatsiya xizmatlari sohasiga toʻgʻri keladi.
Bularning koʻp qismi “Beeline” mobil aloqa xizmatlari bilan bogʻliq boʻlib, asosiy shikoyatlar tarif narxlari oshishi, qoʻshimcha xizmat va pullik kontent xizmatlarga ulanishi, hisob-kitoblardagi muammolar, xizmat sifati va boshqa masalalarga taalluqlidir.
Mazkur murojaatlarda, oylik abonent toʻlovini toʻlash uchun hisobda yetarli mablagʻ boʻlmagan holda, abonentlarning roziligisiz avtomatik tarzda kunlik tarif rejasiga ulanishi, kunlik toʻlov yechib olinganidan soʻng trafikdan foydalanish imkoniyati berilmayotganligi hamda boshqa noqulayliklar mavjudligi bildirilmoqda.
Tahlillarga koʻra, kunlik abonent toʻlovi “Yana”, “Hammasi ZO‘R”, “Multi Kuch” hamda yana 10 ga yaqin tariflarda quyidagi shartlar amal qiladi:
- Oylik abonent toʻlovini yechish paytida mablagʻ yetarli boʻlmasa, avtomatik ravishda kunlik abonent toʻlovi (2000 soʻm) yechiladi.
- Kunlik abonent toʻlovi avtomatik yechiladi va uni rad etish yoki oʻchirish imkoniyati mavjud emas.
- Kunlik toʻlov toʻliq amalga oshmasa, hisob minusga tushiriladi va raqam bloklanadi. Bloklangan holatda taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoniyati berilmaydi. Blokdan chiqish uchun balansni ijobiy holatgacha toʻldirish kerak;
- Kunlik abonent toʻlovi, abonent hisobida oylik toʻlov uchun yetarli mablagʻ toʻplanguncha avtomatik tarzda yechiladi. Mablagʻ yetarli boʻlganda, oylik toʻlov yechilib, toʻliq oylik paket taqdim etiladi. Keyingi oylik toʻlov muddati shu sanadan boshlab bir oyga suriladi.
Shuningdek, amaldagi (faqat yangi ulanishlar uchun) Standart, Yashin, Aniq, Erkin, Start tarif rejalarida ham abonent balansida bir oylik abonent toʻlovi uchun yetarli mablagʻ boʻlmasa unda bir kunlik abonent toʻlovi yechiladi.
Kunlik tarif rejasini ixtiyoriy ravishda yoqish yoki oʻchirish, xizmatni rad qilish imkoniyati isteʼmolchida mavjud emas.
Mazkur kunlik tarif rejasining qoʻllanilishi isteʼmolchilar huquqlari kamsitilishiga va bir qator qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga olib kelmoqda. Xususan:
Balansda kunlik toʻlov uchun mablagʻ yetarli boʻlmaganda, hisob minusga tushirilib, raqam bloklanmoqda.
Balans minusga yechilganligi natijasida raqam bloklanmoqda. Blok holatida esa, kunlik abonent toʻlovi doirasida taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoni taqdim etilmayapti. Yaʼni, 2000 soʻm hisobiga sotib olingan kunlik trafikdan foydalanish imkoniyati berilmasdan, koʻrsatilmagan xizmat uchun haq olinmoqda.
Kunlik abonent toʻlovi avtomatik yechiladi – uni oʻchirib boʻlmaydi. Bu holatda, isteʼmolchilar kunlik abonent toʻlovi xizmatdan foydalanishga majbur boʻlmoqda.
Isteʼmolchilarga kunlik tarifdan foydalanishni ixtiyoriy tanlash, yoqish yoki oʻchirish imkoniyati mavjud emas.
Yuqoridagilarga asosan, isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ayrim tarif rejalarining oylik va kunlik abonent toʻlovini yechish shartlarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan Qoʻmita tomonidan “UNITEL” MChJga koʻrsatma xati yuborildi.
Bunda:
-Oylik abonent toʻlovi yechish vaqtida mablagʻ yetarli boʻlmasa, kunlik abonent toʻlovi avtomatik tarzda yechib olinishini bekor qilish.
-Abonentga kunlik xizmatdan foydalanishni ixtiyoriy ravishda (masalan, USSD-kod orqali) tanlash imkoniyatini berish.
-Abonent hisobidan oylik yoki kunlik abonent toʻlovlarini qarzga yechishga yoʻl qoʻymaslik hamda joriy etiladigan oʻzgarishlar haqida abonentlarni oʻz vaqtida xabardor qilish.