AQShda namoyishlar: TIV oʻzbekistonliklar boʻyicha tarqalgan gaplarga izoh berdi
Los-Anjelesda migrantlar tomonidan uyushtirilgan namoyishlarda Oʻzbekiston fuqarolarining ishtiroki haqida axborotlar eʼlon qilingan.

AQShning Los-Anjeles shahrida prezident Donald Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi namoyishlar kuchaymoqda.
Tramp namoyishlarni qattiqqoʻllik bilan tarqatishga urinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim elektron ommaviy axborot vositalarida AQShning Los-Anjeles shahrida migrantlar tomonidan uyushtirilgan namoyishlarda Oʻzbekiston fuqarolarining ishtiroki haqidagi tasdiqlanmagan axborotlar tarqatildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" agentligi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Axror Burxanov bayonotiga koʻra, hozirda mazkur namoyishlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etgani toʻgʻrisida hech qanday rasmiy tasdiqlangan maʼlumot kelib tushmadi.
Shu bilan birga, AQShdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qatʼiy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin boʻlgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirildi.
"Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolarimiz AQShdagi Elchixonamiz va Bosh konsulxonalarimizga murojaat qilishlari mumkin", – deyiladi TIV manbasida.
Eslatib oʻtamiz, 2020 yilda qora tanli Jorj Floydning oʻlimi AQShni larzaga keltirgandi. Oʻshanda ham mamlakat boʻylab namoyish va tartibsizliklar avj olgandi.