Xorazmda qishloq xoʻjaligi boʻlimi masʼul xodimi qoʻlga olindi
U 29 gektar yerni hujjatlashtirib berish evaziga 4 ming dollar olayotgan boʻlgan.

Yangiariq tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimining masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Xorazm viloyati Yangiariq tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimining masʼul xodimi tuman hududida joylashgan va “Xorazm davlat oʻrmon xoʻjaligi” davlat muassasasi balansida boʻlgan 29 gektar yer maydonini chorvachilik yoʻnalishida 49 yil muddatga ijara asosida foydalanish uchun olib berish va mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 4000 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 3900 AQSh dollari va 1.297.000 soʻm pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.