Shavkat Mirziyoyev Robert Fitso bilan muzokara oʻtkazdi
Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, oʻzaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

9 iyun kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari ushbu tashrif koʻp qirrali Oʻzbekiston-Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi.
Hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashqi ishlar vazirliklari darajasida konstruktiv siyosiy muloqotlar yoʻlga qoʻyildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Tovar ayirboshlash ortib bormoqda. May oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi. Kooperatsiyaning qator yangi yoʻnalishlari va loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Zamonaviy tahdidlar va oldindan aytib boʻlmaydigan xalqaro vaziyatni hisobga olib, tashqi siyosiy idoralar, shu jumladan Yevropa institutlari bilan sheriklik doirasida tizimli hamkorlik qilish, muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, eng avvalo, oʻzaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistondan toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib berish shular jumlasidan.
Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish doirasida texnik toʻsiqlarni bartaraf etish va kvant etaloni laboratoriyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi boʻyicha keng koʻlamli dasturni tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, "yashil" energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Raqamli yechimlarni joriy etish va startap investitsiyalar sohasida katta imkoniyatlar mavjud. Shu maʼnoda, IT startaplarini akseleratsiya qilish boʻyicha qoʻshma venchur fondini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.
Shuningdek, qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun mavjud moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi.
Gumanitar sohada taʼlim va akademik almashinuvni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi. Qoʻshma tadqiqot dasturlarini, shu jumladan Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokida yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar oʻzaro koʻrgazmalar, kino namoyishlari, konsertlar, shuningdek, muzey ishi sohasidagi loyihalarni oʻtkazishni nazarda tutuvchi Madaniyat sohasida hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Slovakiya tomoni ushbu sohada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, koʻp tomonlama maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi.
Qabul qilingan qaror va kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yoʻl xaritasi" qabul qilinishi haqida kelishib olindi.