Raqobat qoʻmitasi "Badavlat ayol" loyihasi boʻyicha ogohlantirdi
Mijozlar tadbirkorlik, shaxsiy rivojlanish va boshqalar boʻyicha bilim berishga qaratilgan platformadan foydalanishda muammolarga duch kelgan.

Raqobat qoʻmitasi “Badavlat ayol” loyihasida ishtirok etish boʻyicha ogohlantirdi.
Fuqarolarning murojaatlari asosida “Badavlat ayol” loyihasining faoliyati Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra 2-3 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur loyiha yurtdoshlarimizga, xususan ayol-qizlar uchun oilaviy munosabatlar, psixologiya, tadbirkorlik va shaxsiy rivojlanish boʻyicha bilim berishga qaratilgan taʼlim platformasi sifatida kerakli tavsiya va yoʻnalishlar taqdim etib kelmoqda.
Shuningdek, mazkur loyihada ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida toʻlovlarni “Uzum nasiya” orqali muddatli toʻlov shartlari asosida amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan.
Biroq Qoʻmitaga kelib tushgan 50 ga yaqin shikoyat murojaatlarida fuqarolar quyidagi jiddiy muammolarga duch kelganliklarini bildirganlar:
Darslar oʻz vaqtida tashkil etilmayotgani yoki taʼlim jarayonlari professional ustozlar tomonidan oʻtkazilmayotgani;
Taʼlim sifati pastligi va vaʼda qilingan natijalarga erishilmayotgani;
Tashkilotchilar tomonidan tinglovchilarning eʼtirozlari eʼtiborsiz qoldirayotganligi va qoʻpol munosabatdaligi;
Eʼtiroz bildirgan ishtirokchilarning platformada bloklanishi;
3 oylab darslar oʻtkazilmayotgan boʻlsa-da, isteʼmolchilardan har oylik toʻlovlar plastik kartalardan avtomatik tarzda yechib olinishi;
Shartnomani bekor qilish jarayoni ogʻirlashtirilgani, ayniqsa chekka hududlardagi fuqarolar uchun Toshkent shahriga kelish talabi qoʻyilganligi;
Loyihaga aʼzo boʻlish uchun Instagrammdagi sahifada “bitta tugma bosish” kifoya boʻlsa-da, shartnomani bekor qilish imkonsizligi va boshqalar.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqqan holda, Raqobat qoʻmitasi mazkur shikoyatlarni “HELPDESK” MChJ (loyiha tashkilotchisi) va “SHAFFOF MOLIYA” MChJ (moliyalashtiruvchi tashkilot) bilan birgalikda oʻrganib, ularni hal etish yuzasidan ishlar olib bormoqda.
Shuningdek, isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida, “Uzum nasiya”ga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish masalasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha rasmiy taklif yuborildi.