platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar: oydagi sir-sinoatlar

1972 yilda Oyga qoʻngan astronavtlar oʻzga sayyoraliklarga duch kelgan, ular yerliklarga “bu joy band, boshqa kelmanglar” degan emish. Albatta, bular aniq ilmiy dalillar bilan isbotlanmagan, internetda “aylanib” yurgan uzuq-yuluq taxminlar xolos. Buning ustiga sovet kosmik dasturlari olgan maʼlumotlarning kattagina qismi hamon maxfiy qolayotgani ham haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qiladi. 

Ochilmagan sirlar: oydagi sir-sinoatlar
Fotokollaj: Platina.uz

Oy… Insoniyatning necha ming yillik hayotida bu sirli samo obʼektining roli juda katta boʻlgan. Oyga qarab taqvim yaratishgan, oyga qarab xayol surishgan, oyga qarab ekin-tikin qilishgan. Hatto ayrim ruhiy kasalliklar toʻlin oy paytida qoʻzgʻab qolishi va avjiga chiqishi koʻp bora kuzatilgan.

Oy – insoniyat uchun shunchaki Yerning tabiiy yoʻldoshi emas. U qadimiy sivilizatsiyalarda iloh, taqdir timsoli, ayollik ramzi, hatto odam yashaydigan sirli olam sifatida ham tasvirlangan.

Musulmonlar esa Ramazon oyi kelishi oldidan Oy chiqishini intiqib kutishadi. Hatto Usmoniylar imperiyasi ham oʻz ramzi sifatida yangi oyni tanlagan. Sababi, Mahmud Ikkinchi yangi oy chiqqanida Vizantiya imperiyasi poytaxti Konstantinopolni zabt etgani bois, Oy tasvirini timsol oʻlaroq tanlagan emish. Nima boʻlganda ham, oʻshandan buyon usmoniylarning bayroqlarida, keyinchalik esa aksariyat islom davlatlari bayroqlari hamda masjidlar gumbazida yangi chiqqan oy timsoli tasvirlanadigan boʻldi. Aslida Islomning ilk davrlarida Oy surati din ramzi boʻlmagan.

Ilm-fan taraqqiyot qilgan hozirgi davrda ham Oyga oid koʻplab savollar javobsiz qolmoqda. NASAning sobiq maslahatchisi Richard Xogland “Oyga qaraganingizda, tabiatning oddiy bir jismini emas, balki javobsiz qolgan savollar chulgʻangan muammoni koʻrasiz” deganda naqadar haq...

Oyga boqib, koʻp savollar xayolimizdan ketmaydi: nega aynan Oy shunchalik jumboqli, sirli va ehtimol, sunʼiy tuzilmaga oʻxshaydi? Nega Oyda atmosfera yoʻq? Nega Oy Yerga nisbatan sinxron aylanadi – yaʼni doimo bir yuzi bilan qarab turadi? Va eng muhimi: nega NASA 1969-1972 yillardagi missiyalardan keyin unga qayta ekspeditsiya uyushtirmadi?..

Masofasi uzoq, biroq dillarga yaqin maʼvo

Oy – Yerning yagona tabiiy yoʻldoshi. Oy – Quyoshga eng yaqin joylashgan tabiiy yoʻldosh hisoblanadi, chunki Quyoshga yaqin boʻlgan ikki sayyora – Merkuriy va Venerada yoʻldoshlar yoʻq. Oy osmonda Quyoshdan keyingi eng yorugʻ va koʻzga koʻringan ikkinchi obʼekt. Shuningdek, u Quyosh tizimidagi sayyoralarning tabiiy yoʻldoshlari orasida yirikligi jihatidan beshinchisi hisoblanadi. Yer bilan Oy markazlari oʻrtasidagi oʻrtacha masofa – 384 467 km (0,00257 astronomik birlik, taxminan Yer diametrining 30 baravari).

Oy bilan Yer oʻrtasidagi aniq mutanosiblik – tabiatda kam uchraydigan, aniqrogʻi, umuman uchramaydigan “tasodif”. Oy – Yerga nisbatan taxminan 400 marta kichik, lekin aynan 400 marta yaqin. Shu tufayli Quyosh tutilishi vaqtida Oy Quyoshni toʻliq toʻsadi. Yerdan qaraganda, Oy ham, Quyosh ham bir xil kattalikda koʻrinadi. Bu matematik mukammallik tabiiy emas, sunʼiy koʻrinadi. Yoki aksincha, juda ham tabiiymikin?

Sovet va AQSh zondlari topgan maʼlumotlar ham savollar tugʻdiradi: ichi boʻsh togʻlar, chuqurligiga nisbatan past kraterlar, simmetrik halqalar, hamda bir xil tartibda joylashgan teshiklar hali toʻliq izohlanmagan. Hatto Mixail Vasin va Aleksandr Sherbakov 1970 yilda "Oy sunʼiy obʼekt boʻlishi mumkin" deb bayonot bergan edi. Ushbu fikrdan nafaqat fantastika, balki oldindan rejalashtirilgan mukammal “loyiha”ning hidi keladi.

NASA missiyalarining sirlari

NASAning "Apollon" dasturi 1969-1972 yillarda Oyga olti marta astronavt yubordi. Oyga joʻnatilgan har bir missiyada diqqatga sazovor holatlar kuzatilgan boʻlib, ularning hammasiga ham javoblar topilgan, deyish qiyin.

Masalan, 1969 yilda “Apollon 11” missiyasi Oydagi Tinchlik dengizi hududiga qoʻndi. Nil Armstrongning Oyga ilk qadam qoʻyishi, “Bu inson uchun kichik qadam, ammo insoniyat uchun ulkan sakrash”, degani tarixga muhrlandi.

Shu yili “Apollon 12” missiyasi Sharqiy Okeanga qoʻnganida Oy sirtining “jaranglash” effektiga guvoh boʻlishdi. Bu tovush 55 daqiqa davom etgan. Bu hodisa Oyning “ichi boʻsh” ekanini taxmin qilishga sabab boʻldi. NASA muhitida bu hamon munozarali masala sifatida saqlanib qolmoqda.

1971 yilda Fra Mauroga qoʻngan “Apollon 14” qattiq kraterlarni tadqiq qildi. 1972 yilda amalga oshirilgan “Apollon 17” missiyasi eng oxirgisi boʻldi. Negadir shundan keyin Oyga boshqa missiya joʻnatilmadi.

Nega? Moliyaviy sababdanmi? Yoki texnik muammolar tufaylimi? Siyosiy tanglik yuz berdimi? Yoki yanada chuqurroq, oshkor qilinmagan xavf payqab qolinganmi? Bu savollarga hamon javob yoʻq.

Axir 1972 yildan beri insoniyat oʻta yuksak taraqqiyotga erishdi. Biroq na AQSh, na Rossiya va na Xitoy Oyga odamlarni joʻnatishni istamaydi. Turli zondlar va distansion mobil apparatlar bilan cheklanishadi. Hatto Ilon Mask ham Marsni oʻrganish va oʻzlashtirishga bel bogʻlagan. Ehtimol ular biz bilishimiz kerak boʻlmagan narsalardan xabardor boʻlsa-chi?!

Ayrim nazariyalarga koʻra, 1972 yilda Oyga qoʻngan astronavtlar oʻzga sayyoraliklarga duch kelgan, ular yerliklarga “bu joy band, boshqa kelmanglar” degan emish.

Oyni Lunoxodlar yordamida tadqiq etgan sovet mutaxassislari ham Lunoxod yoʻlini kattakon qisqichbaqaga oʻxshash mavjudot toʻsgani va lotin tilida “bu yerga boshqa kelmanglar” degan signal joʻnatgan emish. Albatta, bular aniq ilmiy dalillar bilan isbotlanmagan, internetda “aylanib” yurgan uzuq-yuluq taxminlar xolos. Buning ustiga sovet kosmik dasturlari olgan maʼlumotlarning kattagina qismi hamon maxfiy qolayotgani ham haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qiladi.

Muqobil nazariyalar: ufologlar va boshqa qarashlar

Ufologlar nazariyasiga koʻra, Oy Yerning tabiiy emas, sunʼiy yoʻldoshi boʻlib, qadimgi sivilizatsiya tomonidan Yerni kuzatish yoki nazorat qilish uchun oʻrnatilgan emish. NASA arxividagi baʼzi suratlar – notoʻgʻri soyalar, ikkilamchi yorugʻlik manbalari, turli burchakda aks etgan obʼektlar – ushbu fikrlarga “dalil” sifatida keltiriladi.

Oy yuzasi hozirga kelib deyarli sutkasiga 24 soat kuzatiladi. Katta rasadxonalar, havaskor astronomlar, turli radioantennalar shu bilan mashgʻul. Shunday kuzatuvlar natijasida olingan suratlarda Oy sirtida qandaydir yorugʻ nuqtalarning uchib yurgani, gohida havoda muallaq qotib qolib, keyin yana uchib, Oy sirtidagi teshiklarga kirib ketgani aks etgan.

Bu tasvirlarni internetda koʻplab koʻrish mumkin. Bu tasvirlar hali fotoshop va sunʼiy intellekt boʻlmagan davrlarda olingan. Ular qanday jismlar? Maqsadlari nima? Nega Oyga qoʻngan astronavtlar ularga duch kelmagan?..

Yanada maroqlisi – “megastruktura” nazariyasi boʻlib, unga koʻra, Oy – quyosh panellari, signal retranslyator antennasi yoki boshqaruv markazi boʻlgan ulkan sunʼiy obʼekt hisoblanadi. Bu nazariya ilmiy asosdan yiroq esa-da, jamoatchilik ongida oʻz muxlislarini topa olgan.

Mukammal va... tushunarsiz oyna

Oy Quyosh nurini oyna kabi qaytarib, Yerni tunda yoritadi. Biroq, fizik optika qonunlariga koʻra, sharsimon obʼekt nurni qaytarsa, oʻrtasi oʻta yorugʻ koʻrinib, chetlaridan qaytgan nurlarning tushish va qaytish burchagi farqli boʻlgani uchun, Oy chetlari xiraroq koʻrinishi kerak. Biroq Oyni kuzatsangiz, uning butun yuzasi bir xil yorqin tusda koʻrinadi. Qiziq jihati, samodagi boshqa yoʻldosh va sayyoralarning sirti Oy kabi oynadek nur qaytarmaydi. Biroq aynan Oy sirtidagi tuproq shunday xususiyatga ega. Bu ham tasodifmi? Yoki tabiiylikmi?..

Jumboqli gravitatsiya

Oyning tortishish kuchi shunchalik nozik muvozanatlashganki, u yer sirtidagi okeanlar suvini oʻziga tortishi bois, toʻlqinlar tebranib, koʻtarilib va pasayib turadi. Biroq... Quyoshning Yerga taʼsir qiluvchi tortishish (magnit) kuchi Oynikidan 200 marta kuchliroq! Lekin negadir aynan Oyning kuchi dengizlarga taʼsir qiladi!

Buni albatta ilm-fan tushuntirishga urinadi. Masalan, Oyning sirtidagi har xil hududlar har xil tortishish kuchiga ega. Dumaloq magnit sharni tasavvur qiling. Aslida uning barcha yuzasi bir xil tortishi kerak. Biroq Oyda bu qonuniyat ham ishlamaydi. Olimlar buni Oy ichida katta boʻshliqlar borligi yoki xuddi tort ichidagi mayizlar kabi ogʻir metalli katta hajmli birikmalar borligi bilan izohlashadi.

Sirli kraterlar

Yana bir jumboqli jihat ham bor. Maʼlumki, oy yuzida koʻplab kraterlar – meteoritlar va baʼzan astroidlarning urilishi natijasida hosil boʻlgan chuqurliklar mavjud. Mantiq boʻyicha, tepadan 90 gradusda tik tushgan jism benuqson doira shaklida chuqurlik qoldirishi kerak. Qiya burchakda tushgan jismlar esa bir tarafi choʻzinchoq, oval iz qoldirishi lozim. Oy minglab yillar davomida har xil burchakda tushgan osmon jismlaridan “jabr” koʻrib keladi. Biroq... Oydagi kraterlar diametri va chuqurligi boʻyicha farq qilsa ham, ularning hammasi bir tekis doira shaklida! Undan-da gʻalati jihati – ayrim kraterlar simmetrik tarzda, bir-biridan bir xil uzoqlikda, bir qator boʻlib joylashgan. Goʻyoki ataylab, oʻlchab, maʼlum bir chizma asosida chuqurlar yasalganga oʻxshaydi!

Yana ham qiziq joyi, Oyga tushgan meteoritlar qoldirgan izlarning ayrimlari 200 kilometr diametr kattalikda boʻlsa-da, chuqurligi atigi 4 kilometr xolos! Agar shunday keng iz qoldiradigan jism Yer yuziga qulab tushsa, kamida 50 km chuqurlik hosil qiladi. Yana tagʻin Yerda havo – atmosfera bor, u qarshilik koʻrsatib, begona jism tezligini va hajmini (yondirib) kamaytiradi. Oyda esa qarshilik qila oladigan atmosfera ham yoʻq. Lekin Oyga urilgan jism uni qattiq tesha olmaydi.

Yana bir sirli jihat – bu “Oy dengizlari” deb ataluvchi hodisa. Ular Oy yuzidagi ulkan miqyosdagi muzlagan lava maydonlaridan iborat boʻlib, goʻyoki osmondan tushgan meteorit Oyga urilganida, yoʻldosh ichidagi suyuqlik tashqariga xuddi vulqon lavasi kabi oqib chiqib, qotib qolganga oʻxshaydi. Bu jarayon ehtimol meteorit tushishi natijasida sodir boʻlgan boʻlishi mumkin. Albatta, bu kabi hodisa Yer sayyorasi uchun tabiiy – Yerning qaʼri qaynoq, Yer poʻstlogʻi “yirtilsa”, ichidagi qaynoq lava vulqon boʻlib otilib, atrofga yoyilib qotib qoladi.

Biroq, Oyning oʻlchamiga qarab, uning azaldan sovuq, “oʻlik” jism boʻlganini taxmin qilish mumkin. Lava qayerdan oqib chiqqan?

Bundan tashqari, Oydagi dengizlarning 80 foizidan ortigʻi aynan uning oʻng tomonida joylashgani ham sirligicha qolmoqda. Axir osmondan tushadigan jismlar joy tanlab tushmasa kerak?!

Sunʼiy va mukammal shar

Oyning shakli ham tabiiy koʻrinmaydi. Maʼlumki, osmon jismlari mukammal tarzda dumaloq emas. Bir faylasufning aytishicha, tabiat toʻgʻri chiziqlar va toʻgʻri burchaklarni yoqtirmaydi. Toʻgʻri chiziqdek daryo, toʻgʻri uchburchak togʻni uchratib boʻlmaydi. Hatto Yer ham dumaloq tarvuz emas, biroz choʻziqroq koʻkcha qovun shaklida.

Lekin....Oy ideal tarzda shar shaklida! Xuddiki odamlar yasab, fazoga chiqarib qoʻygandek tasavvur uygʻotadi.

Oyning hajmi ham gʻalati. Odatda, hattoki Quyosh tizimidagi Yerdan boshqa sayyoralarning atrofida aylanuvchi tabiiy yoʻldoshlari oʻz sayyorasidan bir necha 10 marta kichkina boʻladi. Lekin Oy – Yer diametriniig toʻrtdan bir (25 foiz) qismiga teng. Bunday bahaybat yoʻldoshning tortishish kuchi juda katta boʻlishi va oxir-oqibat Yerga qulab tushishi kerak edi. Lekin Oy hamon bir maromda, oʻz orbitasini 1 millimetr ham oʻzgartirmagan holda aylanishda davom etmoqda. Buni olimlar Oyning hajmi katta boʻlsa-da, notabiiy ravishda vazni yengilligi bilan (ehtimol ichi boʻshligi uchun!) izohlashadi.

Qolaversa, agar Oy fazodan uchib kelib, Yer yonidan oʻtayotganida Yer uni oʻz tortishish kuchi orqali “arqonlab olgan” desak, bunday ogʻir jismni toʻxtatib qolishga shunchaki Yerning “kuchi” yetmagan boʻlar edi. Shu bois, olimlarning taxminicha, Yer bundan 4,5 milliard yil avval Teyey degan protosayyora bilan toʻqnashib ketgan va uzilib-otilib ketgan bir boʻlak jism Oyga aylangan emish. Lekin deyarli oʻzining yarmicha keladigan jismga “xoʻjayinlik” qilish Yerga nasib etgani baribir tushunarsiz...

Sirlar, sirlar, sirlar...

Umuman olganda, hayratda qoldiruvchi qonuniylik va tasodiflar koʻp.

Masalan, yuqorida aytilganidek, Oy tutilganida Quyosh diskini toʻliq qoplaydi. Koʻrinish burchagi teng, chunki Yer, Oy, Quyosh oʻqi ham notabiiy ravishda, bir vaqtda “oʻta” mos ravishda toʻgʻri kelib qoladi.

Shuningdek, Yer bilan Quyosh orasidagi masofa Quyosh diametriga nisbatan 108 marta katta. Quyosh diametri esa Yer diametriga nisbatan taxminan 108 marta katta. Yerdan Oygacha boʻlgan masofa ham Oy diametriga nisbatan 108 marta katta. Yer hajmi 1 080 000 million km³, Oyning radiusi esa 1 080 mil (1 737,4 km) ni tashkil etadi.

Raqamning takrorlanishini qarang: 108, 108, 108... Bu ham tasodif ekaniga ishonish qiyin.

Ilmiy fikrlar: taxmin yoki dalil

Ilmiy jamoatchilikning koʻpchiligi yuqoridagi nazariyalarni "nonsens" deb baholaydi. NASAning sobiq muhandislaridan biri Farrux Chelak bunday deydi:

“Oyning tuzilishi va harakatlari tabiiy jarayonlar bilan toʻliq tushuntiriladi. Sirlar yoʻq – faqat hali tushuntirib berilmagan jihatlar bor xolos”.

Shu nuqtada bir savolga qayta-qayta duch kelamiz: ilm-fan Oy borasidagi savollarimizga javob bera olyaptimi yoki faqat taskin berish, ongimizdagi mavhumlikni shunchaki toʻldirish uchun xizmat qilyaptimi? Bu hamon ochiq savol boʻlib qolmoqda.

Amerikalik astronom Karl Sagan aytganidek, “savol berish – ilmning boshlanishidir. Agar siz qoniqarsiz javob bilan qoniqsangiz, demak, siz bilim emas, shunchaki taskin istagansiz.”

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid