Slovakiya bosh vaziri Oʻzbekistonga keladi
Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso 8-10 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtadi, Oʻzbekiston-Slovakiya koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Ustuvor yoʻnalishlar - savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, koʻp tomonlama maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.
Yetakchilarning uchrashuvi yakunida Oʻzbekiston bilan Slovakiya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.
Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.