Bolgariya prezidenti Rumen Radev Oʻzbekistonga keladi
Ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazilishi, qator ikki tomonlama bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev 9-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazilishi, qator ikki tomonlama bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston va Bolgariya Prezidentlari oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish, shu jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmogʻi, konchilik, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini koʻrib chiqadilar.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.