platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Azim Latipov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Latipov Oʻzbekistonda fermerlik harakatini shakllantirishda alohida jonbozlik koʻrsatgan. 

Shavkat Mirziyoyev Azim Latipov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa davlat arboblari Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov vafoti sabab hamdardlik bildirdi.

Taniqli fermer, “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligining raisi, jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Azim Shukurovich Latipov shu yil 6 iyunda 74 yoshida vafot etdi.

A.Latipov 1951 yil 5 iyunda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni, keyinchalik Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash texnikumini tugatgach, mehnat faoliyatini Shofirkon tumanidagi “Buxoro” jamoa xoʻjaligida mexanik sifatida boshladi va koʻp yillar davomida mazkur xoʻjalikda brigada boshligʻi lavozimida samarali ish olib bordi.

Oʻzining butun ongli hayoti va mehnat faoliyatini mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi rivojiga bagʻishlagan mehnatkash inson 1996 yildan boshlab “Buxoro” jamoa xoʻjaligi raisi sifatida ish yuritib, oʻzining boy bilim va tajribasi, tashkilotchilik va jonkuyarlik fazilatlari bilan koʻpchilikka ibrat va namuna boʻlib, murakkab iqlim sharoitida gʻalla hosildorligini ikki barobar oshirishga erishdi.

"Yurtimizda fermerlik harakatini shakllantirishda alohida jonbozlik koʻrsatgan A.Latipov 2007 yilda “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligini tashkil etdi va umrining oxiriga qadar uni muvaffaqiyatli boshqarib, tom maʼnoda ilgʻor va zamonaviy, koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirdi.

Zahmatkash fermerning saʼy-harakatlari, ezgu tashabbuslari bilan bu yerda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilib, xoʻjalik chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bogʻdorchilik va polizchilik yoʻnalishlarida ham samarali faoliyat yuritmoqda. Hududda kam taʼminlangan oilalarning uylari taʼmirlanib, ularga gʻalla va oziq-ovqat mahsulotlari homiylik asosida yetkazib berilmoqda.

Azim Latipov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida doimo el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. U uzoq yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi, Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur boʻlgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga, hududda keng koʻlamli obodonchilik ishlarini olib borishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga katta hissa qoʻshdi",deyiladi xabarda.

Azim Latipov “Shuhrat” medali hamda Vatanimizning oliy nishoni – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid