Ruhiyat qirralari: rejalarni boshqalarga aytmaslik kerakmi?
Koʻpchilik mana shu masalada juda qiynaladi. Rejasini oshkor qilsa, amalga oshmasligiga ishonuvchilar borligi qanchalik rost boʻlsa, hammadan sir tutganlarning sirli taqdiri ham shunchalik haqiqatdir.

Maʼlumki hammamiz orzu qilamiz, rejalar tuzamiz. Biroq bu rejalarni ichda saqlash kerakmi yoki boshqalarga maʼlum qilishmi? Agar ushbu soʻrovni istalgan qidiruv tizimiga kiritsangiz, deyarli barcha maqolalar sizni oʻz rejalaringizni boshqalarga aytmaslikka chaqirishini koʻrasiz.
Bir tomondan, bu fikrning bir yoqlama talqini hayrat uygʻotmasdan qolmaydi. Ikkinchi tomondan, bunday maqolalar odatda ayollar forumlari yoki “majoziy sehrli dunyo” saytlarida chop etiladi; psixologik tadqiqotlarga tayanuvchi qism esa “tadqiqotlarda isbotlangan”, “psixologiya kashfiyoti” kabi umumiy iboralardan iborat boʻlib, aniq manbaga asoslanmagan. Ilmiy va ishonchli manbalar esa juda tor mavzularni qamrab oladi.
Nega bunday qarash shakllangan?
Koʻpchilik oʻrtasida ommalashgan fikr shundayki: agar siz rejalaringizni birovga aytsangiz, ishingiz barbod boʻlar emish. Aslida bu oddiy xurofot. Aytaylik, rejalarni boshqalarga aytib maslahat ham olish, rejalarga tuzatishlar kiritish mumkin-ku?
Ammo bu kabi ishonchning ruhiy asosi bor – “sozlamalar” deb ataluvchi psixologik holat hisoblanadi.
Sozlamalar – bu shaxsning ongsiz psixologik holati boʻlib, u oldingi tajribaga va maʼlum faoliyatga boʻlgan moyillikka asoslangan holda insonning xatti-harakatlarini oldindan belgilab qoʻyadi. Odatda, u shaxsni biror harakatga tayyor holatda saqlaydi.
Yaʼni agar siz bir harakat boshqa harakatni keltirib chiqaradi, deb ishonsangiz, ongsiz ravishda aynan shu natijani amalga oshirish uchun harakat qila boshlaysiz. Agar bunday bogʻliqlik haqidagi bilim tajribangizga asoslangan boʻlsa, u holda shunga oʻxshash vaziyatda sizning xato qilish xavotiringiz ortishi mumkin. Xavotirli holat esa inson samaradorligini tushiradi – uning quvvati ishga emas, balki tashvishlarga sarflanadi. Natijada diqqatni jamlash qiyinlashadi, xatolar soni ortishi mumkin, oʻz-oʻzini tanqid qilish kuchayadi va inson faoliyatdan butunlay voz kechishi ehtimoli ham bor.
Xullas, agar siz rejalaringizni aytganingiz uchun emas, balki bu harakatni qanday ishontirish bilan amalga oshirganingiz sababli muvaffaqiyatsizlik sodir boʻlishi mumkin.
Shaxsiy “Men” obrazining oʻzgarishi
Psixika reallik va orzular oʻrtasini ajratishda qiyinchilikka duch keladi, deyishadi. Yaʼni, inson miyasi tasavvur va reallik oʻrtasidagi farqni deyarli sezmaydi. Masalan, gipnozchi biror kishiga “qoʻling kuya boshladi”, deb ishontirsa, u xuddi kuygandek azob chekishi, hatto uning terisida rostan qizarish yoki pufaklar hosil boʻlishi mumkin.
Yoki “men baxtliman, bu dunyo goʻzal” deb oʻzini ishontirgan odamning miyasi rostan ham baxtli ekaniga ishonadi va shunga mos gormonlar ishlab chiqarilishiga sabab boʻladi.
Shuning uchun inson hali harakat boshlamasdan turib, uni hammaga aytsa va muhokama qilsa, miya bu maqsadni goʻyo amalga oshirilgandek qabul qiladi. Ammo real hayotda bunday maqsadlar bajarilmagani muammosi paydo boʻladi va bu ichki ziddiyatga olib keladi. Natijada inson voqelik bilan oʻzini uygʻunlashtirishga harakat qiladi.
Ammo savol tugʻiladi: real “Men” obrazi chindan oʻzgaradimi? Masalan, bolaligida malika boʻlishni orzu qilgan qizlar ulgʻaygach, oʻzlarini malika deb hisoblashmaydi-ku – ular reallikni toʻgʻri qabul qilishadi. Unga yetishish uchun real mezonlarni tashqi koʻrinish, madaniyat, taʼlim va hokazolarni tanlashadi.
Dofamin gormoni ajralishi
Rejalarni aytish orqali inson maqtov eshitadi, bu esa dofamin ajralishiga olib keladi. Bu qoniqish hissi insonni harakatsiz qoldirishi mumkin, deyishadi. Yaʼni sizda uysizlarga ovqat berish rejasi paydo boʻlsa, bu rejani kimgadir aytsangiz, u qilmasingizdan turib sizni maqtaydi. Siz xursand boʻlasiz. Gormon ajraladi. Boʻldi, tamom. Endi tanangiz harakat qilish uchun motivatsiyasini yoʻqotadi. Ammo bu effekt tezda yoʻqoladi: inson endi natija koʻrsatishga majbur boʻladi, unga savollar berishadi, natijalarni kutishadi. Shunda motivatsiya faqat soʻzlar bilan cheklanmasdan, harakatga aylanishi mumkin.
Yoki siz rejangizni aytsangiz, baʼzilar kulishi yoki uni notoʻgʻri deb, sizni yoʻldan qaytarishi mumkin. Bu holat ham motivatsiyani yoʻq qiladi. Biroq insonda iroda kuchli boʻlsa, atrofdagilarning fikriga tanqidiy qarashning uddasidan chiqsa, bu salbiy effekt ham yuz bermaydi.
Maqtanchoq yoki yolgʻonchi boʻlib koʻrinish ehtimoli
Tinimsiz gʻoya va rejalarini boshqalarga aytib yuradigan odam, agar ularni amalga oshirmasa, hech kim unga ishonmay qoʻyadi. Jiddiy qabul qilmay qoʻyadi.
Yoki boʻlmasa, “oilaviy Turkiyaga dam olishga ketyapmiz”, deb hammaga aytdingiz. Biroq nimadir sabab boʻlib, safar qoldiriladi. Bunday holatlar ham odam obroʻsiga putur yetkazishi mumkin. Biroq bunda oʻzingizni ayblamang. Hayotda hech kimning hamma rejasi 100 foiz roʻyobga chiqmagan.
Energiya isrofi
Rejalarni boshqalarga aytish energiyani zoye qiladi, deyishadi. Ammo bu ham shart emas. Masalan, Geyl Metyuzning tadqiqotiga koʻra, maqsadni yozib qoʻyish, bosqichlarga boʻlish va ular haqida tanishlarga “hisob” berish – muvaffaqiyat imkoniyatini 33% ga oshirar ekan. Yaʼni ijro intizomi yuzasidan oʻziga xos nazorat hayʼati yaratasiz. Muloqot jarayonida inson fikrlashni chuqurlashtiradi, konstruktiv tanqidni eshitadi, yangi gʻoyalar va insaydlar paydo boʻladi.
Yakunlanganlik hissi
Aytish bilan goʻyo ish tugaganday boʻlib qoladi, deyishadi. Lekin maqsad faqat yoʻnalish beradigan belgidir. Uning atrofida vazifalar shakllanadi va u doimiy ravishda oʻzgarib boraveradi. Formalashmagan maqsad yakunlanganlik hissini bera olmaydi.
Hasad ehtimoli
Agar rejalaringizni begonalarga aytsangiz, unga hasad qiladiganlar, hatto toʻsqinlik qilishga urinadiganlar paydo boʻladi, deyishadi. Lekin real hayotda koʻpchilik faqat oʻz hayoti haqida qaygʻurishi aniq. Ishoning, sizning hech kimga qizigʻingiz yoʻq! Hamma oʻz muammolari bilan ovora. Siz esa rejangizni... mayli, hammaga aytmang, faqat ishonchli, qiziqish bildirayotgan, rejangiz amalga oshish ehtimolini koʻpaytirish uchun maslahat yoki yordam bera olishi mumkin boʻlgan insonlar bilan boʻlishing.
Qoʻrquvlarning oldini olish
Yoki bunday vaziyat boʻlishi mumkin. Kimdir: “Agar rejamni hech kimga aytmasam, mabodo uni bajara olmasam ham, hech kim bilmay qoladi. Kulib, taʼna qilmaydi”, deb oʻylashi mumkin.
Ammo har qanday insonning rejasi oʻzgarishi yoki birinchi urinishda amalga oshmasligi tabiiy. Bu ishonchsizlik emas, balki reallikni his qilish va real maqsadlar qoʻyish qobiliyati deyiladi.
Natija vaʼdadan ustunmi?
Baʼzilar “koʻp gapirma, ish koʻrsat” degan shiorni tanlaydi. Bu – faqat shaxsiy tanlov. Lekin fikr yuritish, muhokama etish, qayta-qayta soʻzlab, keyin harakat qilish – bu ham professional yondashuvning bir qismi hisoblanadi.
Xulosa
Agar siz rejalaringizni boshqalarga aytsangiz, bu sizga qoʻshimcha imkoniyatlar – qoʻllab-quvvatlash, tanqid, motivatsiya, hamkorlik olib kelishi mumkin. Albatta, siz soʻzlashadigan odamni yaxshi tanlashingiz va uning munosabatini toʻgʻri qabul qilishingiz kerak.
Eng yaxshi yoʻl – buni oʻzingizda kichik maqsadlarda sinab koʻrishdir. Haqiqatan ham, bu usul siz uchun samaralimi yoki yoʻq, faqat shunday yoʻl bilan bilib olish mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
