Futbolchilarga BYD avtomobillari sovgʻa qilinadi
Ushbu sovgʻalar terma jamoa aʼzolari sharafiga oʻtkaziladigan tantanali marosimda topshiriladi.

JChga yoʻl olgan futbolchilarga mashina beriladi.
Birozdan soʻng ulkan gʻalaba — Oʻzbekiston tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoa Birlashgan Arab Amirliklaridan Toshkentga qaytib keladi.
Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash musobaqalarida chinakam jasorat va matonat koʻrsatgan futbolchilarimizning xizmatlari munosib eʼtirof etildi. Kechagi oʻyindan soʻng davlatimiz rahbari birinchi boʻlib ularga qoʻngʻiroq qildi va tarixiy natija bilan tabrikladilar. Bugun esa futbolchilar va murabbiylardan bir guruhini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash toʻgʻrisida farmon imzoladilar.
Poytaxtimizda minglab yurtdoshlarimiz yigitlarimizni tantanali kutib olishga shay turibdi. Terma jamoa aʼzolari sharafiga oʻtkaziladigan tantanali marosimda ularga Prezident sovgʻasi - BYD avtomobillari topshiriladi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
