platina.uz
Jamiyat

Xorazmda jami 180 ming dollarga yer sotayotgan MChJ rahbari ushlandi

Fargʻonada esa kadastr inspektori 150 ming dollar olayotganda qoʻlga tushgan.   

Xorazmda jami 180 ming dollarga yer sotayotgan MChJ rahbari ushlandi

Hududlarda yer maydonlarini jami 500 ming AQSh dollaridan ortiq mablagʻga noqonuniy sotmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi.

Xiva shahrida bogʻdorchilik yoʻnalishida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari MChJning 19,9 gektar yer maydonini goʻyoki 30 gektar ekanligini aytib, uni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 120 ming AQSh dollari hamda 80 sotix qismida koʻp qavatli turar-joy binosi qurishga ruxsat olib berish uchun 60 ming AQSh dollari, jami 180 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari talab qilingan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Kadastr agentligining Qoʻqon shahar boʻlimi yetakchi inspektori dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikka 2024 yilda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan 5,8 gektar sugʻoriladigan yer maydoni ajratilishida va unda yengil tipdagi issiqxona tashkil etishi boʻyicha tegishli qaror chiqarilishida yordam berganligini roʻkach qilib, ushbu masalani hal etishda koʻmaklashgan mansabdor tanishlariga pul mablagʻlari berishi kerakligini aytib, fermer xoʻjalikning ish yurituvchisidan 150 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda kadastr inspektori ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Angren shahrida yashovchi, 1987 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs shahar hududida joylashgan hamda bogʻdorchilikka moʻljallangan 18 sotix yer maydonini va unga tutash boʻlgan Ohangaron oʻrmon xoʻjaligi fondiga qarashli 2 gektar yer maydonini 100 ming AQSh dollariga sotishini hamda 21 ming AQSh dollari evaziga kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi.

Lekin, soʻralgan 121 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Bu kabi qonunbuzilish holati Surxondaryo viloyatida ham qayd etilib, “Toʻpalang-Qoratogʻ” Irrigatsiya tizimlari boshqarmasining Toʻpalang gidrouzeli boʻlimi xodimi Sariosiyo tumani hududidan kesib oʻtuvchi daryo va kanal muhofaza yer maydoni boʻlgan 32 sotix yerni 73.500 AQSh dollari evaziga shaxsiy mulk sifatida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, 70 ming AQSh dollari va 39 mln. soʻm olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid