Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqladi
Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Venesuela va Turkmaniston fuqarolari uchun esa cheklovlar joriy etildi.

Donald Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi va yana yetti davlat fuqarolarining kirishini cheklovchi farmonni imzoladi.
Oq uy maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolari uchun AQShga kirish taqiqlangan.
Taqiq 9 iyundan kuchga kiradi.
Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Venesuela va Turkmaniston fuqarolari uchun AQShga kirish qisman cheklangan.
Donald Tramp oʻzining birinchi muddatida baʼzi mamlakatlar fuqarolariga kirishni taqiqlashni joriy qilgandi — bu uning 2017 yilda prezident sifatidagi birinchi qarorlaridan biri edi.
Keyin Tramp Liviya, Suriya, Yaman va Somali fuqarolariga AQSh chegarasini kesib oʻtish huquqini rad etdi. Keyinchalik bu roʻyxatga Shimoliy Koreya, Venesuela va Chad qoʻshildi.
Ushbu taqiqqa koʻp marta sudda eʼtiroz bildirildi, oʻzgartirildi, ammo oxir-oqibat tasdiqlandi - AQSh Oliy sudi koʻpchilik ovoz bilan uni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi.