Toshkent viloyatida turli chora-tadbirlar uchun 47 mlrd soʻmdan oshiq pul sarflanadi
Nurafshondagi sunʼiy koʻlni uzluksiz suv bilan taʼminlash uchun kanal qurish xarajatlariga 2,1 mlrd soʻm beriladi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qarori bilan mahalliy byudjetdan 47 mlrd 193 mln soʻm ajratiladi. Bu haqda 2025 yil 4 iyunda chiqqan qarorda maʼlum qilingan.
Pullar mahalliy byudjetning I choragida orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladi.
Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 2 ta koʻprik va yoʻlni taʼmirlash uchun 2,5 mlrd soʻm, Nurafshondagi sunʼiy koʻlni uzluksiz suv bilan taʼminlash uchun kanal qurish xarajatlariga 2,1 mlrd soʻm, Nurafshon Business city hududida tibbiy chaqiruv punkti xarajatlari uchun 20 mlrd soʻm beriladi.
Boʻstonliq tumanida xalqaro matematika festivalini oʻtkazish uchun 950 mln soʻm, davlat tibbiy muassasalarini 961 dona kompyuter jihozlari bilan taʼminlash uchun 6,6 mlrd soʻm, Yangiyoʻl shahrida sogʻliqni saqlash sohasida yangi tajribani joriy etish uchun 10 mlrd soʻm beriladi.
Avvalroq Toshkentda byudjetdan 81,5 mlrd soʻm ajratilgandi.