Qozogʻistonda yoʻlovchi avtobus yonib ketdi
Avtobusdan barcha 34 nafar yoʻlovchi, jumladan 9 nafar bola salondan evakuatsiya qilindi. Ular orasida besh nafar oʻzbekistonlik ham bor.

Qaragʻanda viloyatining Abay tumanida Ostona-Chimkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan yoʻlovchi avtobusida yongʻin sodir boʻldi. Yoʻlovchilar orasida Oʻzbekiston fuqarolari ham boʻlgan.
Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hodisa 4 iyun kuni Ostona-Qaragʻanda-Olmaota avtomobil yoʻlining 960-kilometrida sodir boʻlgan. Yongʻin avtobusning dvigatel qismida boʻlgan.
Oʻt oʻchiruvchilar yetib kelganda yongʻin oʻchirilgan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli barcha 34 nafar yoʻlovchi, jumladan 9 nafar bola salondan evakuatsiya qilindi. Ularning barchasiga yoʻl chetidagi lagerda zarur yordam koʻrsatildi.
Evakuatsiya qilinganlar orasida 5 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ham bor. Hodisa oqibatida qurbonlar yoʻq.
Vazirlik haydovchilarni transport vositalaridan foydalanishda, ayniqsa havo harorati yuqori va aholi punktlari orasidagi masofa katta boʻlgan sharoitda xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirgan.