Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning saylangan prezidentini tabrikladi
Oʻzbekiston yetakchisi Li Chje Myonni oʻziga qulay vaqtda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonni ushbu lavozimga saylangani bilan tabrikladi va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Davlat rahbari oʻz maktubida Li Chje Myon rahbarligida Koreya Respublikasining intellektual va iqtisodiy qudrati yanada oʻsishiga, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va nufuzi mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
"Biz Koreya Respublikasi bilan doʻstona va keng qamrovli aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratamiz. Aminmanki, Sizning Prezidentlik davringizda alohida strategik sheriklik munosabatlarimiz barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanadi", - deyiladi maktubda.
Prezident mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Li Chje Myonni oʻziga qulay vaqtda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.