Qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygani aytilgan Telegram kanali administratori javobgarlikka tortildi
Ushbu kanalda diabetga qarshi biologik faol qoʻshimchaning xususiyatlari boʻrttirib koʻrsatilgan.

Qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan telegram kanal adminstratori javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungi kunda turli xil biologik faol qoʻshimchalar, dori-darmonlar va mahsulotlarning reklamalari joylashtirilmoqda.
Xususan, oʻtkazilgan oʻrganish natijasida “STOP DIABET | NO DIABET” telegram kanalida joylashtirilgan “Stop Diabet” biologik faol qoʻshimcha mahsuloti reklama lavhalarida, “Noyob tarkibi tufayli qondagi glyukoza darajasi normallashishi, notoʻgʻri nazorat qilish natijasida yuzaga kelayotgan asoratlardan xalos boʻlishga yordam beradi” deya ushbu mahsulotning xususiyatlari boʻrttirib koʻrsatilganligi aniqlandi.
Qoʻmita soʻrovi boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bergan xulosaga asosan, “Stop Diabet” BFQ mahsulotining qoʻllash yoʻriqnomasida koʻrsatilgan maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda reklamalarda qayd etilgan xususiyatlari bilan mos emasligi maʼlum qilingan.
Yuqoridagilarga asosan, Qoʻmitaning Samarqand vloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “STOP DIABET | NO DIABET” telegram kanali administratori belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortib, tegishli xujjatlar sudga yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasiga koʻra, Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasi:
-ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
-ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
-ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi;
-ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.
Qoʻmita tomonidan axborot resurslari (ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va telegram messenjerida tashkil qilingan guruh va kanallar) orqali joylashtirilgan reklamalarning amaldagi reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.