Markaziy bank "Humans" ishi boʻyicha bayonot berdi
"Maroqand" AJ toʻlov tashkilotida fuqarolarning pullari qonunchilikda savdosi va xizmat koʻrsatilishi taqiqlangan xizmatlarga (qimor oʻyinlar) oʻtkazilgani aniqlangan.

Markaziy bank "Humans Mobile PTE LTD" (Singapur) kompaniyasi bilan boshlangan arbitraj muhokamasi boʻyicha munosabat taqdim etdi.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida ushbu kompaniyaning Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markazda (ISSID) Oʻzbekistonga qarshi arbitraj jarayoni rasman boshlanganligi haqida xabar tarqaldi.
Darhaqiqat, “Humans Mobile PTE LTD” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston davlat organlari va idoralari, shu jumladan Markaziy bankning harakati bilan 2003 yil 15 iyuldagi “Singapur Respublikasi Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida”gi Bitimning ayrim talablari buzilganligi bildirilib, 2025 yil 20 mayda xalqaro markazga Oʻzbekistonga nisbatan arbitraj jarayonlarini boshlash uchun ariza kiritilgan.
Daʼvogarning arizasi xalqaro arbitraj markazi tomonidan ish yurituviga qabul qilinib, hozirda arbitraj nizosini mazmunan koʻrib chiqishga tayyorlash bosqichida ekanligi bildirilgan holda, ish jarayonlaridan kelib chiqib qoʻshimcha tafsilotlar berib borilishi maʼlum qilinadi.
Maʼlumot uchun, “Maroqand” AJ toʻlov tashkilotida fuqarolarning pullari qonunchilikda savdosi va xizmat koʻrsatilishi taqiqlangan xizmatlarga (qimor oʻyinlar) oʻtkazilganligi sababli, ushbu toʻlov tashkilotining ayrim toʻlov xizmatlarini amalga oshirishi 2024 yil 25 sentabrdan boshlab olti oy muddatga cheklangan hamda toʻlov tashkiloti faoliyatida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan edi.