Janubiy Koreyada yangi prezident saylandi
Li Chje Myon 2022 yilgi saylovlarda juda kichik farq bilan yutqazgandi.

Li Chje Myon – Janubiy Koreyaning yangi prezidentiga aylandi.
Navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida "Toburi" liberal-demokratik partiyasi nomzodi Li Chje Myon 49,25% ovoz bilan gʻalaba qozondi.
Uning raqibi, “Fuqarolik kuchi” partiyasidan Kim Mun Su 41,40% ovoz toʻpladi. U saylovdagi magʻlubiyatini tan oldi.
61 yoshli Li kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan boʻlib, huquqshunoslik sohasida taʼlim olgan. U 2010-2017 yillarda Sonnam shahrini, 2018-2021 yillarda esa Kyongido provinsiyasini boshqargan. 2022 yildagi prezidentlik saylovlarida u Yun Sok Yoldan 1 foizdan ham kamroq farq bilan magʻlub boʻlgan.
2024 yil yanvar oyida Li qurolli hujumdan omon qoldi, shuningdek, u beshta jinoiy ishda, jumladan, korrupsiya va Shimoliy Koreyaga pul oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarda ayblangan.
Eslatib oʻtamiz, avvalgi prezident Yun Sok Yol harbiy holat joriy etishga urinishdan soʻng lavozimdan ketgandi.