Turkiyada kuchli zilzila: qurbon va jabrlanganlar bor
Mamlakat janubi-gʻarbiy sohillarida sodir boʻlgan zilzila oqibatida 14 yoshli qiz qoʻrquvdan vafot etgan.

Turkiyaning Egey dengizi sohillari qismida, Mugʻla shahrida zilzila yuz berdi.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya mamlakat janubi-gʻarbiy sohillarida sodir boʻlgan zilzila oqibatida bir kishi halok boʻlgani va 69 kishi jarohatlangani haqida maʼlum qildi.
Bu haqda u X ijtimoiy tarmogʻida yozgan.
"Zilzila natijasida 14 yoshli bola qoʻrquv oqibatida vafot etdi", deb taʼkidladi Yerlikaya.
Vazirning soʻzlariga koʻra, vahima va balandlikdan sakrash natijasida 69 kishi jabrlangan, ulardan 46 nafari shifoxonaga yetkazilgan. Ali Yerlikaya shaharda hech qanday zarar yoʻqligini taʼkidladi.
Mugʻladagi zilzila 5,8 magnitudada baholanmoqda. Bu haqda Turkiya tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) maʼlum qildi.
Mahalliy vaqt bilan 02:17 da qayd etilgan zilzila epitsentri Marmaradan 10,43 km uzoqlikda, 67,91 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila birinchi navbatda Mugʻla va unga yaqin viloyatlarda sezildi.