Navoiyda byudjetdan jami 14 mlrd soʻm mablagʻ ajratilmoqda
Favqulodda holatlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlar uchun 5 mlrd 310 mln soʻm beriladi.

Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi qarori bilan byudjetdan 14 mlrd soʻm ajratiladi. Qaror 2025 yil 3 iyun kuni eʼlon qilindi.
Mablagʻ prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror va farmoyishlarda belgilangan tadbirlarni hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, ijtimoiy soha obʼektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, hududlarda yoʻl infrastrukturasini rivojlantirish, suv va oqava suv taʼminotini yaxshilash, budjet tashkilotlariga yetkazilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlardan (qurilish va taʼmirlash ishlari bilan birga) yuzaga kelgan kreditor qarzdorliklarni qoplash bundan tashqari, budjet tashkilotlari, byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilot va muassasalarning murojaatlaridagi tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida beriladi.
Mablagʻ viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil I chorak daromadlarni rejadan orttirilib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladi.
Ilovaga koʻra, viloyat hokimligiga 1 mlrd 259 mln soʻm, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish uchun esa 1,5 mlrd soʻm beriladi.
71 ta maktabda chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash xonalarini jihozlashga 956 mln soʻm, Nurota tumanidagi oilaviy shifoxonalarni taʼmirlash uchun 1 mlrd soʻm beriladi. Qiziltepadagi maktablarning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish uchun 1,4 mlrd soʻm beriladi.