Polshada Ukraina uchun noqulay boʻlgan nomzod saylovda gʻalaba qozondi
Karol Navrotskiy Bryussel va Kiyev bilan aloqalarga ishonchsizlik bilan qaraydi, Ukrainaning NATOga aʼzoligiga ham qarshi.

Polsha milliy saylov komissiyasi Karol Navrotskiyni prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida gʻolib sifatida tasdiqladi.
Takroriy ovoz berishda saylovchilarning 71,63 foizi qatnashdi.
Navrotskiy uchun saylovchilarning 50,89 foizi ovoz bergan boʻlsa, uning hukmron koalitsiyadagi raqibi Rafal Tshaskovskiy 49,11 foiz ovoz olgan.
1 iyundagi ovoz berish yakunlangach, Navrotskiy “Polshadagi vatanparvarlik lagerini, noqonuniy muhojirlarsiz oddiy Polshani xohlaydigan odamlar lagerini birlashtirishga” vaʼda berdi.
Siyosiy kuzatuvchilar Navrotskiyning gʻalabasi Polshaning Yevropa Ittifoqi va Ukraina bilan munosabatlarida keskinlikning oshishiga olib kelishini taxmin qilmoqda.
Navrotskiy Bryussel va Kiyev bilan kuchli aloqalarga shubha bilan qaraydi, shuningdek, Ukrainani NATOga taklif qilish va uning Yevropa Ittifoqiga tezlashtirilgan tarzda kirishiga qarshi.