platina.uz
Madaniyat

Boʻzatov festivali yakuniy bosqichiga yetib keldi

Ushbu loyiha yangi-yangi isteʼdodlarni kashf qilishda allaqachon oʻz oʻrniga ega boʻlib ulgurdi. 

Boʻzatov festivali yakuniy bosqichiga yetib keldi

Boʻzatov festivalining barcha hududiy bosqichlari yakunlandi. Respublika bosqichi 3-7 iyun kunlari ilk marta Toshkent shahrida oʻtkaziladi.

Oʻtgan vaqt davomida tanlovning respublika bosqichi faxrli oʻrinlarni egallagan yoshlar “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, “Shuhrat”, “Kelajak bunyodkori” (4 nafar), “Mard oʻgʻlon”, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotlari sovrindorlari, “Nihol” mukofoti va bir qator boshqa respublika hamda xalqaro tanlovlarda gʻoliblikka erishgan.

Har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylangan “Yoshlar ovozi” – Boʻzatov festivali tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani eng chekka hududlardagi yashirin isteʼdodlarni kashf etishga ham zamin yaratyapti.

Tanlovda har bir yoʻnalish va yosh toifasida respublika bosqichida 1-oʻringa 50 mln soʻm, 2-oʻringa 30 mln soʻm hamda 3-oʻringa 20 mln soʻm pul mukofoti topshiriladi. Qolgan barcha respublika bosqichi ishtirokchilari esa 10 mln soʻmdan pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Tanlovning ilk bosqichi butun respublikada mavjud har bitta mahallada oʻtkaziladi. Yaʼni eng chekka hududdagi yosh ham, eng markazdagisi ham eʼtibordan chetda qolmaydi – barcha yigit-qizlar qatnashishiga teng imkoniyat yaratilgan.

Tanlovning yangi mavsumida yana 36 nafar iqtidor egalari aniqlanadi.

Boʻzatov festivalida gʻolib boʻlgan iqtidorlar xorijiy loyihalarda ham qatnashib, hammani lol qoldiryapti. Xususan, “Boʻzatov yoshlar ovozi 2022 yil” tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan 12 nafar iqtidorli yosh 2023 yil 17-28 may kunlari Italiyada malaka oshirib, “Oʻzbekiston madaniyati” haftaligida konsert dasturlari bilan ishtirok etishgan.

Maʼlumot uchun, 2019 yil Qoraqalpogʻiston Respublikasida Boʻzatov tumani tashkil etilgan. 2020 yil esa Prezident Shavkat Mirziyoyev qoraqalpogʻistonlik yoshlar bilan muloqot chogʻida yosh isteʼdod egalari mana shu goʻzal maskanga kelib, tumanning obroʻsini va dovrugʻini butun dunyoga tanitish uchun “Yoshlar ovozi” – Boʻzatov FEST tanlovini oʻtkazish tashabbusini ilgari surgandi.

Davlat rahbarining tashabbusidan soʻng, 2021 yildan boshlab Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar ushbu tanlovni oʻtkazishi anʼanaga aylandi. Tanlov baxshchilik, anʼanaviy ijro, opera va estrada yoʻnalishlari boʻyicha mahalladan boshlanib, sektor, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida oʻtkaziladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid