BAA aeroportlarida ushlab qolinayotgan oʻzbekistonliklar: TIV izoh bilan chiqdi
Mamlakatda turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani maʼlum qilingan.

TIV BAAdagi aeroportlarda ushlanib qolayotgan oʻzbekistonliklar boʻyicha maʼlumot berdi.
Aytilishicha, BAAdagi turli aeroportlar orqali mamlakat hududiga kirib kelayotgan xorijliklarning, shu jumladan Oʻzbekiston fuqarolarining tekshiruvlari choʻzilib ketayotgan holatlarni alohida monitoring qilib borilmoqda.
Ayni paytda fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
"Mamlakatimizning Abu-Dabi shahridagi elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi BAAning tegishli tashkilotlari bilan ushbu masalada zudlik bilan muzokaralar oʻtkazdi va vaziyatni yaxshilash boʻyicha doimiy aloqada boʻlib turmoqda.
BAA tomoni maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sababli aeroportlarda tekshiruv vaqtlari choʻzilib ketmoqda", deyiladi xabarda.
Hozirda fuqarolarimizni tezlik bilan tekshiruvdan oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan va natijada ular mamlakat hududiga kirib kelishni boshlagan.
Eslatib oʻtamiz, 5 iyun kuni Abu-Dabida BAA-Oʻzbekiston oʻyini boʻlib oʻtadi.