"Agrobank"ka nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanildi
Bank taklif etgan mikroqarz boʻyicha shartnomaning asosiy va muhim shartlari koʻrsatilmagan.

“Agrobank” ATBga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Qoʻmita tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan olib borilgan oʻrganishlarda “Agrobank” ATB tomonidan “Agrobank Mobile” ilovasini yuklab olib, katta rejalaringiz uchun uydan chiqmasdan 100 000 000 soʻmgacha mikroqarz oling” mazmunidagi reklamalar aniqlangan.
Mazkur reklama axborotlarida “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 43-moddasi talablariga asosan moliyaviy xizmatlarni koʻrsatishda shartnomaning asosiy va muhim shartlari koʻrsatilmaganligi maʼlum boʻldi.
Reklamaning bunday koʻrinishda boʻlishi undan foydalanuvchilarni chalgʻitishga olib kelishi mumkin.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Agrobank” ATBga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash boʻyicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi, deyiladi xabarda.