Prezident Oʻzbekiston muftiysi bilan telefon muloqoti oʻtkazdi
Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi oʻzbekistonliklar Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada boʻlib turibdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Hozirgi muborak kunlarda yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada boʻlib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida soʻradi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar koʻrilganini taʼkidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, Oʻzbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq oʻtkazmaydigan panellar bilan oʻralgan, sovutish tizimi oʻrnatilgan, gilam va toʻshaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qoʻshimcha qulaylik yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi joʻshgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini soʻrab duolar qilmoqda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulugʻ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yoʻllab, yurtimizga sogʻ-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Muhtaram hojilar Oʻzbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga koʻmak berish, yoshlarni ilm-maʼrifatga targʻib etishda namuna koʻrsatishlariga umid bildirildi.