AQSh Oliy sudi yuz minglab muhojirlarning deportatsiyasiga sabab boʻluvchi qaror chiqardi
Bayden davrida Venesuela, Haiti, Kuba va Nikaraguadan kelgan malakali muhojirlarga AQShDA yashash va ishlash huquqini beruvchi dastur qabul qilingandi.

AQSh Oliy sudi Tramp maʼmuriyatiga oʻzidan oldingi Jo Baydenning Venesuela, Haiti, Kuba va Nikaraguadan kelgan 500 mingdan ortiq muhojirga AQShDA yashash va ishlash imkonini bergan vaqtinchalik boshpana berish dasturini toʻxtatishga ruxsat berdi.
Oliy sud bir oy ichida ikkinchi marta “Trampning muhojirlarning vaqtinchalik huquqiy maqomini bekor qilish boʻyicha saʼy-harakatlarini maʼqullagan".
Bungacha Amerika maʼmuriyatiga "yuz minglab" venesuelaliklarga ishlashga ruxsat beruvchi boshqa dasturni bekor qilishga ruxsat berilgan edi.
CNN'ning qayd etishicha, Oliy sud qarori yakuniy emas – asosiy ish quyi sudlarda koʻrilishi davom etadi. Biroq, bu dasturdan foydalangan 530 mingga yaqin muhojirni deportatsiya qilishni tezlashtirish imkonini beradi.
Barak Obama va Bayden tomonidan tayinlangan 9 nafar Oliy sud sudyasidan ikkitasi, Soniya Sotomayor va Ketanji Braun bu qarorga qarshi chiqdi.
Oʻz navbatida, Oq uy apparati rahbari oʻrinbosari Stiven Miller maʼmuriyat muhojirlar “endi deportatsiya qilinishi mumkinligi” haqiqatini olqishlashini aytdi. Uning aytishicha, "Oliy sud haqli ravishda ishga kirishdi va quyi sudlarning aqldan ozgan qarorlarini bekor qildi".
Tramp maʼmuriyati toʻxtatib qoʻyishga ruxsat berilgan dastur 2023 yilda joriy qilingan edi. Oʻshanda Bayden maʼmuriyati mamlakatga noqonuniy kirishga urinishdan koʻra, hukumat tekshiruvidan oʻtgan Venesuela, Gaiti, Kuba va Nikaraguadan kelgan malakali muhojirlarga AQShDA yashash va ishlash huquqini berishini eʼlon qilgan edi. Ariza beruvchilar AQSh homiysiga ega boʻlishlari va xavfsizlik boʻyicha toʻliq tekshiruvdan oʻtishlari kerak edi.
Tramp ikkinchi muddatining birinchi kunidayoq dasturni bekor qilish haqidagi farmonni imzoladi.
AQSh shtat sudlari prezidentning deportatsiya haqidagi baʼzi farmoyishlarini blokladi, biroq Oliy sud Tramp maʼmuriyatining shikoyatlarini qanoatlantirdi.
Saylov kampaniyasi vaqtida Tramp “millionlab” noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishga vaʼda bergan, biroq tahlilchilar bu koʻrsatkichni real emas deb hisoblaydi. The Washington Post gazetasining yozishicha, respublikachilar maʼmuriyati oʻzining birinchi yilida 1 million noqonuniy muhojirni deportatsiya qilmoqchi. Hozircha rekord Obamaga tegishli, u yiliga 400 mingdan ortiq odamni deportatsiya qilgan.