Qurbon hayiti boʻyicha farmon eʼlon qilindi
7 iyun (shanba) kuni olti kunlik ish haftasi tartibi boʻyicha ishlaydigan xodimlar uchun qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilandi.

Prezidentning Qurbon hayiti boʻyicha farmoni eʼlon qilindi.
Aytilishicha, 2025 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 6 iyun – juma kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilingan, unga koʻra mamlakatimizda 6 iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib oʻtkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2025 yil 7 iyun (shanba) kuni olti kunlik ish haftasi tartibi boʻyicha ishlaydigan xodimlar uchun qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʻʼtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratishi belgilangan.