Oʻzbekiston-Qatar oʻyinida chiptalar onlayn sotilmaydi
Avvalgi uchrashuvlarda firibgarlar elektron chiptalarni soxtalashtirib, koʻplab muxlislarning stadionga kirolmasligiga sababchi boʻlishgan.

Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi oʻyinda chiptalar faqat oflayn sotiladi. Bu haqda OʻFA maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 10 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Qatar terma jamoasini qabul qiladi.
iTicket kompaniyasi va OʻFA huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda, avvalgi oʻyinlar tajribasidan kelib chiqib, firibgarlik va chiptalarning qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida faqat “Humo Arena”, “Bunyodkor” va “Paxtakor” stadionida oflayn savdo tartibini joriy etadi.
Mazkur chiptalar maxsus kodlangan. Avvalgi uchrashuvlarda firibgarlar elektron chiptalarni soxtalashtirib, koʻplab muxlislarning stadionga kirolmasligiga sababchi boʻlishgandi.
Chiptalar sotuvi boshlanish sanasi yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
Oʻzbekiston-Qatar
10 iyun 18:45
“Bunyodkor” stadioni