"Jar"dagi ommaviy janjal atay uyushtirilgani maʼlum boʻldi
Jamoatchilik oʻrtasida keskin eʼtirozlar kelib chiqqani va huquqbuzarlik sabab "Likecup" loyihasi vaqtincha toʻxtatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda futbol maydonida havaskor oʻyinchilar (blogerlar va boshqalar) oʻzaro janjallashganligi aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB maʼlumot berdi.
Joriy yilning 28 may kuni Shayxontohur tumani, “Jar” oʻyingohida “Likesup” loyihasi doirasida sanʼatkorlar va blogerlar oʻrtasida futbol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtgan.
Oʻyin yakunlanganidan soʻng, 2004 yilda tugʻilgan O.Oʻ. ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarini koʻpaytirish va ushbu oʻyinga ommani eʼtiborni yanada koʻproq jalb qilish (piar) maqsadida goʻyoki jamoalar oʻrtasida janjal kelib chiqqanligini sahnalashtirishgan.
Jamoat tartibini mensimaslik va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi bu kabi xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv oʻtkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan.
“Likesup” loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik oʻrtasida keskin eʼtirozlar keltirib chiqqanligi va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab boʻlganligi uchun loyiha vaqtincha toʻxtatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan loyiha tashkilotchilari, ushbu janjalni sahnalashtirganlar va unda ishtirok etganlarning barchasining shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrishlik uchun jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan, deyiladi xabarda.