Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokaralar oʻtkazdi
Savdo sohasida dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi, mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan bitim imzolandi.

Samarqand shahridagi Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
2023 yil iyun oyida Rim shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi.
Qoʻshma korxona va loyihalar soni 2 barobar koʻpaydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli kooperatsiya yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Venetsiyadagi biyennaleda faol ishtirok etdi, Florensiyada koʻrgazma oʻtkazildi. Oʻtgan yil dekabr oyida Rim va Viarejo shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Aprel oyida rektorlarning ikkinchi forumi samarali oʻtdi.
Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qoʻllab-quvvatladilar.
Joriy yil aprel oyida Samarqandda oʻtgan samarali sammitni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga eʼtibor qaratgan holda "Markaziy Osiyo - Italiya" sammitini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
Savdo sohasida biznesga texnik koʻmak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun oʻzbekistonlik eksportchilarni oʻqitish, Toshkentda qoʻshma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, oʻta muhim minerallar va qishloq xoʻjaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, toʻqimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.
Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.
Loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qoʻshma investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning "SACE" va "SIMEST" davlat agentliklarini jalb qilish masalasi koʻrib chiqiladi.
Kompleks "yoʻl xaritasi" asosida qishloq xoʻjaligida keng koʻlamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uzum, zaytun, zaʼfaron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosugʻurtani joriy qilish boʻyicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yigʻilishini biznes forumi bilan birga oʻtkazishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston va Italiya hududlari oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani taʼkidlandi.
Taʼlim sohasida mamlakatimizda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekistonda Italiya madaniyati kunlarini oʻtkazishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha kompleks "yoʻl xaritasi"ni tayyorlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.