platina.uz
Jahon

Tramp maʼmuriyati talabalarga viza berishni qiyinlashtirmoqda

AQShning barcha elchixonalari va konsulliklariga vizalar uchun yangi oʻrinlarni ochmaslik topshirigʻi berilgan. 

Tramp maʼmuriyati talabalarga viza berishni qiyinlashtirmoqda

Donald Tramp maʼmuriyati AQShda oʻqishni rejalashtirayotgan xalqaro talabalar uchun yangi viza suhbatlarini rejalashtirishni toʻxtatdi, deya xabar bermoqda Politico.

Nashr Davlat departamenti kotibi Marko Rubio tomonidan imzolangan ichki telegrammaga asoslanib yozmoqda.

Hujjatga koʻra, AQShning barcha elchixonalari va konsulliklariga yangi koʻrsatmalar chiqmaguncha, F, M va J vizalari uchun yangi oʻrinlarni ochmaslik topshirilgan. Bu ishlarni koʻrib chiqishni kechiktirishi va universitetlar ishiga, shu jumladan moliyaviy taʼsir koʻrsatishi mumkin: xalqaro talabalar ularning daromadlarining muhim qismini tashkil qiladi.

Politioc taʼkidlaganidek, qaror ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishni kengaytirishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq - endi barcha murojaat etuvchilardan ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishlari soʻraladi. Bunday tekshiruvlar avval ham oʻtkazilgan, lekin cheklangan tarzda – asosan Isroilning Gʻazodagi harakatlariga qarshi namoyishlarda qatnashgan talabalar uchun.

Mutaxassislarning fikricha, bu tashabbus viza olish jarayonini keskin sekinlashtirishi, kuzgi qabul jarayonini xavf ostiga qoʻyishi va Amerika universitetlariga, ayniqsa, moliyaviy jihatdan xalqaro talabalarga qaram boʻlgan universitetlarga zarba berishi mumkin. Bundan tashqari, koʻplab amaldorlar uzoq vaqtdan beri tekshirish mezonlari noaniq ekanligidan shikoyat qilmoqdalar. Qaysi yozuvlar yoki harakatlar rad etishga sabab boʻlishi hozircha nomaʼlum.

Elchixonalarga yuborilgan xabarda allaqachon rejalashtirilgan suhbatlar bekor qilinmasligi, biroq yangi oʻrinlarni ochish taqiqlangani aytilgan. Davlat departamenti vakilining aytishicha, departament “xavfsizlik masalasiga jiddiy yondashadi” va arizachilarni tekshirish uchun “barcha mavjud vositalar”dan foydalanishda davom etadi.

NAFSA Xalqaro Taʼlim Assotsiatsiyasi maʼmuriyatning harakatini qoraladi. Boʻlim boshligʻining soʻzlariga koʻra, “xalqaro talabalar tahdid emas – aksincha, ular Qoʻshma Shtatlar uchun ulkan boylikdir”.

Yangi tartib uchun tayyorgarlik Oq uy tomonidan Amerika universitetlariga qarshi keng koʻlamli kampaniyaga toʻgʻri keldi. Oq uyga qaytgandan soʻng, Tramp universitetlarda antisemitizmga qarshi kurash boʻyicha farmonni imzoladi. Garvard va boshqa universitetlar boshqaruv tizimini, qabul qilish va ishga olish qoidalarini oʻzgartirishi hamda xalqaro talabalar haqidagi maʼlumotlarni topshirishi talab qilingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid