platina.uz
Biznes

Quvada gilos sayli boʻlib oʻtdi

"Mikrokreditbank" 4 ming nafarga yaqin aholi va qishloq xoʻjaligi subʼektlariga 50 mlrd soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratib, mevali bogʻlar tashkil etishga yordam berdi. 

Quvada gilos sayli boʻlib oʻtdi

2025 yil 28 may kuni Fargʻona viloyati Quva tumanida "Gilos sayli" festivali oʻtkazildi. Tadbir "Mikrokreditbank" ATB hamda "Quva-Agro Star" MChJ tomonidan tashkil etildi. Unda bank rahbariyati, viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, bogʻbonlar, tadbirkorlar, sayyohlar, OAV hamda aholi vakillari ishtirok etdi.

Bank axborot xizmati xabar berishicha, tadbirda mevali bogʻ yaratish istiqbollari, yurtimizda yetishtirilgan mevalarning xorijga eksport qilish imkoniyatlari, erishilgan natijalar, galdagi vazifalar muhokama qilindi.

Mazkur festival doirasida agrosanoat sohasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan seminar tashkil etildi.

Shuningdek, "Gilos sayli" doirasida "Mikrokreditbank" ATB mutasaddilari tomonidan soʻnggi oylarda Quva tumanida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi va bu haqda batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilning 30 yanvarida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Prezident tomonidan tijorat banklariga aniq hududlar biriktirilib, ular orqali agrar sohani qoʻllab-quvvatlash topshirilgan edi.

"Mikrokreditbank"ka Quva tumani biriktirildi. Shunga muvofiq, Quva tumanida "Quva-Agro Star" MChJ, Fargʻona tumanida esa «Fargʻona-Agro Star» loyiha ofisi tashkil qilindi.

Mazkur tuzilmalar orqali:

  • agrar sohada oʻquv-seminarlar tashkil etildi (jumladan, turkiyalik mutaxassis va mahalliy agronomlar ishtirokida 10 ta seminar);

  • Belorussiyadan xalqaro ekspert jalb etildi;

  • aholi tomorqalari va ijara yerlari xatlovdan oʻtkazildi;

  • 8 ta, umumiy qiymati 11,2 mlrd soʻmlik (8 mlrd soʻmi kredit) loyihalar shakllantirilib, «Bogʻdorchilik» kredit mahsuloti asosida moliyalashtirildi;

  • Quva va boshqa tumanlarda muzlatkichlar, qadoqlash va konservalash infratuzilmalari qurilishi boshlandi.

Bank tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 4 ming nafarga yaqin aholi va qishloq xoʻjaligi subʼektlariga 50 mlrd soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratilib, mevali bogʻlar tashkil etishga yordam berildi.

Bu ishlar hududda eksport salohiyatini oshirishda ham oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Misol uchun, 2025 yil 27 may holatiga koʻra, respublika boʻyicha gilos — 13 ming tonna 23,5 mln dollarlik, oʻrik — 8 ming tonna 6,5 mln dollarlik, quritilgan oʻrik (turshak) — 6,2 ming tonna, 9,2 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Shuningdek, joriy yilning fevral-may oylarida Quva, Oʻzbekiston va Beshariq tumanlari hamda Quvasoy shahridagi 236 ta xonadonga 11 ming dona mevali daraxt koʻchatlari yetkazib berildi va ekildi.

Xulosa qilib aytganda, Quva tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va aholi farovonligini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid