platina.uz
Jamiyat

Poytaxtni aylanib oʻtuvchi "Ozodlik – Yangiyer" temir yoʻli quriladi

Yangiyoʻl tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilinmoqda. 

Poytaxtni aylanib oʻtuvchi "Ozodlik – Yangiyer" temir yoʻli quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni temir yoʻllarni rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining 2023 yil 10 oktabrdagi qaroriga muvofiq, bu soha tubdan isloh qilinmoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy jihatdan oʻzgartirilib, nosohaviy bino, yondosh yer va ortiqcha vazifalar qisqartirildi. Natijada ilgari zarar bilan ishlagan kompaniya oʻtgan yili 47 milliard soʻm sof foyda bilan chiqdi. “Temiryoʻlkargo” kompaniyasi tashkil etilgach, yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi 2 karra oshdi.

Lekin hali imkoniyatlar koʻp. Taqdimotda soha infratuzilmasini rivojlantirish va daromadni oshirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, tranzit yuklarini tashish quvvatidan toʻliq foydanilmayapti. Buni kelgusi yillarda 40 foizga oshirish orqali daromadni 2 karra koʻpaytirish mumkin.

Masalan, ilk bor Xitoy – Turkiya yoʻnalishi boʻyicha yuk poyezdlari qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Yurtimizda yangi poyezdlar olib kelinib, qatnovlar yildan yilga koʻpaymoqda. Shu bois temir yoʻl infratuzilmasi oʻtkazuvchanligini izchil oshirib borish zarurligi taʼkidlandi.

Bu masala, ayniqsa, Toshkent atrofida dolzarb. Hozir tashqi yuklarning 70 foizi “Chuqursoy” stansiyasi orqali tashilmoqda. Baʼzan bunga bir necha kun vaqt sarflanib, ortiqcha xarajat va navbatga sabab boʻlayapti.

Shu bois yuk stansiyalarini poytaxt hududidan tashqariga chiqarish, Yangiyoʻl tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, poytaxtimizni aylanib oʻtuvchi “Ozodlik – Yangiyer” temir yoʻli qurilishi koʻzda tutilgan. Natijada Fargʻona vodiysi bilan boshqa viloyatlar oʻrtasidagi yuk tashuvlari Toshkent shahriga kirmasdan amalga oshiriladi.

Yangi loyihalardan yana biri Samarqand – Urgut yoʻlidir. Hozirda ishlar boshlanib, 7 kilometr temir izlar yotqizilgan. Bu yoʻnalish uzunligi jami 54 kilometr boʻlib, 2 ta vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi quriladi.

Vokzallarga kirib-chiqish tartibi, xizmatlar sifati masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Yoʻlovchilar harakatiga qulaylik yaratish, turistlar uchun sharoitni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari qayd etildi.

Mutasaddilar, shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash rejalari boʻyicha axborot berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid