platina.uz
Jamiyat

Yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi

Yiliga 550-600 million dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda.

Yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻtgan yili mebel eksporti 20 million dollarga yetdi. Sifat, dizayn va brendga eʼtibor qaratilsa, mavjud quvvatlarning oʻzida eksport hozirgidan 10 karra oshishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajati hamda xorijdan jalb qilingan dizayner, marketolog, injener-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi.

Xalqaro koʻrgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi.

Mutasaddilarga malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy koʻnikmalarga oʻqitishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

2024 yilda zargarlikda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshdi, eksport 17 foizga oʻsib, 92 million dollarga yetdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotgani bilan imkoniyatlarning oʻndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etildi.

Sohada “xufiyona” iqtisodiyot ulushi yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi. Yiliga 550-600 million dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda. Yoki, mustaqil izlovchilar 2020 yilda 40 kilogramm oltin topshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bu 100 karra kamaygan.

Yigʻilishda sohani “soya”dan chiqarish uchun yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish, zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismini qoplash boʻyicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni maʼqulladi.

“Ochiq aytish kerak, tartib-intizom, shaffof tizim boʻlmagan sohada “katta sakrash” qilib boʻlmaydi. Shuncha sharoitdan keyin ham “soya”da ishlayotganlarga nisbatan qonun ustuvorligi taʼminlanadi”, - dedi Prezident.

Asillik inspeksiyasi Soliq qoʻmitasi va Bosh prokuratura bilan birgalikda zargarlik sohasida qatʼiy nazorat oʻrnatishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Tadbirkorlar zargarlik buyumini Asillik inspeksiyasidan tamgʻalatib, kirim qilishiga bir oy vaqt berilishi belgilandi.

Umuman, mutasaddilarga sohani chuqur tahlil qilib, “xomashyo – ishlab chiqarish – savdo” zanjiridagi barcha ishtirokchilarni “soya”dan chiqib ishlashini ragʻbatlantiradigan tizim ishlab chiqish topshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid