Trampning iqtisodiy islohotlari – “Tramponomika”
Bu siyosat tartibsizlik va noaniqlikni taʼminlayapti. Ayni paytda eʼtibor asosan qisqa muddatli istiqbolga qaratilgan. Ammo ayrim qarorlarning uzoq muddatli oqibatlari ehtimol yanada jiddiyroq boʻladi va bu holatni toʻliq tuzatish ehtimoli juda past.

Donald Trampning iqtisodiy siyosati AQShda va xalqaro maydonda katta qiziqish uygʻotdi. Uning islohotlari asosan soliqlarni kamaytirish, savdo siyosatida proteksionizmni kuchaytirish va ishlab chiqarishni ichki bozorga qaytarishga qaratilgan. Odatda katta oʻzgarishlarga sabab boʻlgan islohotlarga uning muallifi va tashabbuskori boʻlmish prezident nomi beriladi. Masalan, “Reyganomika” yoki “Niksanomika” kabi. Ayrim manbalarda ayni paytda Tramp oʻtkazayotgan islohotlar allaqachon “Tramponomika” deb atalmoqda.
Soliq va moliya sohasidagi islohotlar
Tramp maʼmuriyati tomonidan qabul qilingan soliq islohotlari biznes uchun foydali boʻldi. Korporativ soliq stavkasi 35% dan 21% ga tushirildi, bu esa kompaniyalarga investitsiyalarni oshirish imkonini berdi. Biroq bu islohot davlat byudjetiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, chunki soliq tushumlari kamayadi.
AQSh iqtisodiyoti va moliya tizimining uzoq muddatli barqarorligi ham xavf ostida qolmoqda, chunki Tramp maʼmuriyati ularning institutiyaviy asoslarini zaiflashtirmoqda. Bu kapital harakati hisobining ochiqligi, narx va byudjet barqarorligi, shuningdek, siyosiy bosimga duchor boʻlmaydigan Federal zaxira tizimi va adolatli qonuniy tizimga sodiqlikni oʻz ichiga oladi. Agar bunday tendensiyalar davom etsa, xorijiy investitsiyalar oqimlari AQShni chetlab oʻtishi mumkin, bu esa Tramp eʼlon qilgan maqsadlarga toʻgʻridan-toʻgʻri zid keladi.
AQSh ilmiy-texnik kadrlarining boshqa mamlakatlarga koʻchib ketish xavfi ham mavjud. Tramp maʼmuriyati universitetlarni "chapga burilgan" deb ayblab, ilm-fan va texnika sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirishni bekor qilmoqda. Yaqinda esa Tramp Harvard universitetiga xorijlik talabalarni qabul qilishni taqiqladi. Chunki bu universitet talabalari Isroilning Falastin xalqiga nisbatan oʻtkazayotgan genotsidiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirishgan. Bunday munosabat Amerika ilm-fanining asosiy yutugʻi – xorijlik aql egalarini jalb qilib, AQSh taraqqiyoti yoʻlida foydalanish tamoyiliga zid keladi. Lekin keyinchalik sud Trampning bu farmonini blokladi.
Ayrim faktlarga qaraganda, Yevropa va Osiyoga rezyume yuborayotgan olimlar soni ortmoqda. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bu olimlarga Yevropani oʻz uyi siftida tanlashlarini taklif qilgan.
Savdo siyosati va boj tariflari
Trampning savdo siyosati proteksionizmga asoslangan boʻlib, u import tovarlariga yuqori bojlar joriy etdi. Bu AQShdagi ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga qaratilgan boʻlsa-da, xalqaro savdo munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Aprel oyi boshida Trampning “Ozodlik kuni”da butun dunyo davlatlariga nisbatan yangi boj tariflarini joriy etishi yoz chillasida yoqqan qordek boʻldi. Ularning aksariyati deyarli darhol toʻxtatildi, chunki kapital bozorlarida (ayniqsa, AQSh obligatsiyalari bozorida) tartibsizlik boshlandi. Hozirda Tramp bu tariflarni oʻzgartirish imkoniyatini turli davlatlar bilan muzokaralarda foydalanmoqda. Ayrim tariflar oʻzgarmoqda, ayrimlari esa eski savdo hamkorlari bilan yangi kelishuvlarga almashtirilmoqda.
Qisqa muddatli istiqbol
Tramp siyosatining AQSh va global iqtisodiyotga qisqa muddatli istiqboldagi oqibatlari allaqachon muqarrar. Baʼzi AQSh mintaqalari, ayniqsa, Osiyo mamlakatlaridan import tovarlarida tanqislikni boshdan kechiradi. Agar kengroq aytsak, umumiy talab ehtimoliy ravishda pasayadi, chunki deyarli barcha iqtisodiy ishtirokchilar, shu jumladan, kompaniyalar, investorlar va xonadonlar investitsiya va isteʼmol masalalarida kutish pozitsiyasini egallashgan. Xitoy va AQSh oʻrtasidagi avval 90 kunlik tariflarni toʻxtatish boʻyicha kelishuv, kyinchalik 145 foizlik tarif, keyin yana boshqa kelishuvlar... – bularning barchasi umid beradi, ammo noaniqlikni toʻliq bartaraf etmaydi.
Tramp kiritgan tariflar AQShga darhol falokat xavfini tugʻdirmaydi. AQSh iqtisodiyoti tashqi savdoga unchalik bogʻliq emas: xizmatlar sektorini hisobga olganda, import hajmi yalpi ichki mahsulotning faqat 14 foizini tashkil etadi, eksport esa 11 foizdan oshadi. Bundan tashqari, Tramp maʼmuriyatining deregulatsiya dasturi (agar u samarali amalga oshirilsa) iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishga yordam beradi, ichki investitsiyalarni keng tarmoqlar va infratuzilma sohalariga yoʻnaltiradi.
Dunyo ham qisqa muddatli perspektivada Tramp tariflarining eng yomon oqibatlaridan omon qilishi mumkin. AQShning global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 25 foizni tashkil etadi, yaʼni u yetarlicha katta boʻlib, keng miqyosli uzilishlarga sabab boʻlishi ehtimoli kam. Ammo agar boshqa mamlakatlar (ular global iqtisodiyotning uchdan toʻrt qismini tashkil etadi) bir-biri bilan erkin savdo qilishni davom ettirsalar (va ehtimol AQShga qarshi javob tariflarini joriy qilsalar), yetkazilgan zarar sezilarli darajada kamaytirilishi mumkin.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasining baholari
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) ushbu xavotirlarni tasdiqlaydi, Trampning tariflari AQSh iqtisodiyotining oʻsish surʼatlariga eng kuchli taʼsir koʻrsatishini prognoz qilmoqda (-0,9%), keyin esa Kanada va Xitoy (-0,6%), Yaponiya (-0,5%) keladi. XVJ shuningdek, Buyuk Britaniyada 0,5 foiz yoʻqotishni prognoz qilgan. Yevropaning yirik mamlakatlari 0,3 foiz yoki undan kam yoʻqotishlarni kutishmoqda.
Uzoq muddatli oqibatlar
Ammo Trampning tarif siyosatining uzoq muddatli istiqboldagi oqibatlari, ehtimol, jiddiyroq va ularning ayrimlarini oldindan aytish mumkin. Amerika, uning barcha kamchiliklariga qaramay, oʻn yillar davomida savdo, moliya, tashqi siyosat va xavfsizlik sohalarida ishonchli global oʻyinchi hisoblangan – endi esa unday emas. Siyosat va biznes yetakchilari AQShga endi ishonib boʻlmasligini tushunishmoqda, shuning uchun ular oʻzlarining barqarorlik va xavfsizlik strategiyalarini yangilashmoqda.
Yevropaning javobi
Yevropa Tramp maʼmuriyatining oʻzining qadimiy ittifoqchilarining xavfsizligiga befarqligiga javoban mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda. Koʻplab mamlakatlar savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga, yaʼni AQShga qaramlikni kamaytirishga kirishmoqda. Masalan, Kanada AQSh-Meksika-Kanada kelishuvi(USMCA)ni qayta koʻrib chiqish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda (Tramp bu kelishuvni birinchi prezidentlik davrida katta gʻalaba deb atagan edi, ammo endi uni oʻzi oʻzgartirishga intilmoqda). Shuningdek, Kanada boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirishni va ichki savdo toʻsiqlarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bunday diversifikatsiya global iqtisodiyotning tuzilmasini tubdan oʻzgartiradi.
Ishlab chiqarishni ichki bozorga qaytarish
Tramp ishlab chiqarishni AQShga qaytarishni maqsad qilgan. Uning siyosati natijasida ayrim kompaniyalar ishlab chiqarishni AQShga koʻchirdi, ammo bu jarayon qiyin kechmoqda. Ishlab chiqarish xarajatlari yuqori boʻlgani sababli, koʻplab kompaniyalar chet elda ishlab chiqarishni davom ettirdi. Masalan, ayrim texnologik gigantlar ishlab chiqarishni Xitoyda emas, Hindiston, Pokiston, Vetnam, Tailand va Bangladesh kabi davlatlarga koʻchirmoqda.
Tramp siyosatining global boshqaruvga taʼsiri
Tramp maʼmuriyatining siyosati uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan yana bir soha – bu global boshqaruv tizimidir. Albatta, koʻp tomonlama tashkilotlar va mexanizmlar Tramp siyosat maydoniga chiqishidan ancha avval yangilanishga muhtoj edi. Tramp esa, ehtimol, ularni butunlay bekor qilib, faqat ikki tomonlama bitimlar orqali harakat qilishni xohlardi. Biroq rivojlangan davlatlar rahbarlari va deyarli barcha rivojlanayotgan mamlakatlar (hech boʻlmaganda nazariy jihatdan) amaliy va moslashuvchan koʻp tomonlama hamkorlik shakliga sodiq qolmoqda.
Bu esa baribir yangi, murakkabroq koʻp tomonlama tizimni shakllantirish ishini davom ettirishni anglatadi – bu tizim barqaror rivojlanish, raqamli savdo, xizmatlar savdosi va iqtisodiy siyosat bilan milliy xavfsizlik oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni hisobga oladi. Biroq bu jarayon AQShning faol ishtirokisiz kechadi. Amerika oʻrnini Yevropa Ittifoqi va yirik rivojlanayotgan davlatlar, ayniqsa, Xitoy egallaydi. Osiyo davlatlarining Xitoy bilan savdoga qaramligi inobatga olinsa, global savdo tizimining mintaqaviy bloklarga parchalanishining oldini olish uchun bunday kollektiv qoʻllab-quvvatlash muhimdir.
AQShning Osiyo xavfsizlik tizimidagi roli
AQShning Osiyodagi xavfsizlik tizimidagi muhim roli bu jarayonni murakkablashtiradi, biroq koʻp tomonlama tizim evolyutsiyasini toʻxtata olmaydi va AQSh taʼsirining kamayishini ham. Hatto agar kelajakda AQSh global hamjamiyatga qaytishga qaror qilsa-da, bu oradagi yoʻqotilgan ishonch va taʼsirni toʻliq tiklash oson boʻlmaydi.
Xulosa
Tramp maʼmuriyatining siyosati tartibsizlik va noaniqlikni taʼminlayapti hozircha. Ayni paytda eʼtibor asosan qisqa muddatli istiqbolga qaratilgan. Ammo ayrim qarorlarning uzoq muddatli oqibatlari ehtimol yanada jiddiyroq boʻladi va bu holatni toʻliq tuzatish ehtimoli juda past.
Umuman olganda, Trampning iqtisodiy islohotlari ayrim sohalarda ijobiy natijalar bergan boʻlsa-da, umumiy iqtisodiy samaradorlik masalasi bahsli qolmoqda. Soliq yukini kamaytirish biznes uchun foydali boʻldi, ammo davlat byudjetiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Savdo siyosati esa xalqaro munosabatlarga taʼsir qildi. Shu sababli, Trampning iqtisodiy islohotlari AQSh uchun toʻliq samarali boʻlyapti, deb aytish qiyin.
Abulfayz Sayidasqarov