Andijon olimpiya maktabi mansabdorlari byudjet pulini talon-toroj qilgani maʼlum boʻldi
Maktab direktori va oʻrinbosari xodimlarga asossiz ravishda ustama va mukofotlar yozib kelgan.

2025 yil 6 may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Baliqchi tuman sudida Andijon shahar Olimpiya va milliy sport turlari buyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati rahbarlariga oid ish koʻrib chiqildi. Ish hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi O.K. Andijon shahar Olimpiya va milliy sport turlari buyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati direktori lavozimida ishlab kelgan.U turli xodimlarga jami 87.396.400 soʻmlik mukofot pullarini berish boʻyicha buyruq chiqarib, ushbu buyruqlar asosida toʻlovga taqdim qilib, oʻziga ishonib topshirilgan oʻzganing jami 87.396.400 soʻmlik mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari O.K. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, maktab internatining sport ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari R.S. tomonidan Vazirlar Mahkamasi qaroriga nisbatan zid ishlangani sabab jami 329.727.500 soʻm ustama mablagʻlari hisoblab, toʻlovga taqdim etib, byudjet mablagʻlarini asossiz ravishda ortiqcha toʻlanishiga sababchi boʻlgan.
R.S. maktab internati direktorining sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab, jami 13.721.000 soʻmlik mukofot mullarini berish boʻyicha buyruq chiqarib, ushbu buyruqlar asosida toʻlovga taqdim qilib, oʻziga ishonib topshirilgan oʻzganing jami 13.721.000 soʻmlik mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan. Bundan tashqari, R.S. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2022-2024 yillardagi tarifikatsiyalarga soxta maʼlumot va yozuvlar kiritib, bila turib rasmiy hujjatlarni soxtalashtirib, oʻziga ishonib topshirilgan oʻzganing juda koʻp miqdordagi jami 329.727.500 soʻmlik mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudda har ikkala aybdor qilmishiga iqrorlik bildirdi.
Yakuniy hukmga koʻra, O.K.ga uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil 1 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilib, 4 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
R. S.ga esa uzil-kesil 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Yetkazilgan zararni qoplash ishlari amalga oshirilmoqda.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.