Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi pasayib bormoqda
Lekin investitsiyalar daromadliligi koʻchmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli farqlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida koʻp qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi tahlil qilindi.
Yer resurslarining cheklanganligi va aholi sonining oshib borishi sharoitida koʻchmas mulkra investitsiya kiritish mulkka egalik qilish bilan birga, barqaror daromad olish imkonini beradi. Bunda koʻchmas mulkni ijaraga berish hamda mulk qiymatining maʼlum vaqtdan keyin oshishi (kapital oʻsish) hisobiga daromad olish mumkin.
2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 6,2%gacha tushdi (2024-yilning aprelida 27,8%). Bunda, mazkur davrda ijaradan keladigan oʻrtacha daromad 10,9%dan 8,5%gacha kamaygan boʻlsa, uy-joylarning oʻrtacha narxi 2,4% arzonlashdi.

Lekin uy-joyga investitsiyalar daromadliligi koʻchmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli farqlanadi:
1 xonali: Shayxontohur – 25,1% (2024-yil aprel – 41,4 %), Mirobod – 0,4 % (24,7 %);
2 xonali: Yakkasaroy – 16,2% (12,1%), Uchtepa – -2,0% (27,1%);
3 xonali: Yakkasaroy – 16,8% (27,0%), Uchtepa – 1,6% (23,6%);
4 xonali: Yakkasaroy – 15,6% (25,2%), Olmazor – -2,5 % (21,3%).
Uy-joylar narxi oʻzgarishidan olinadigan daromad
2024 yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil aprel oyida ushbu uyni sotishiga toʻgʻri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining pasayishi sababli uyni xarid narxidan oʻrtacha 2,4% kamiga realizatsiya qilishga majbur boʻldi. Xususan, ushbu koʻrsatkich Uchtepa tumanida 7,4%ni, Yunusobod tumanida 4,4%ni, Olmazor tumanida 4,2%ni tashkil qildi. Lekin Toshkent shahrida nisbatan qimmat uy-joylar joylashgan tumanlardan Shayxontohur va Yakkasaroyda uy-joy narxi oʻzgarishidan koʻrilgan foyda oʻrtacha 6% ni tashkil etdi.
Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad. Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan oʻrtacha daromad pasayishda davom etdi. 2024-yilning aprel oyida oʻrtacha daromadlilik 10,9%ni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning aprel oyiga kelib ushbu koʻrsatkich 8,1%gacha pasaydi. Mazkur davrda, ushbu koʻrsatkich boʻyicha eng yuqori oʻrtacha daromadlilik Mirobodda 9,2% (2024-yil aprel oyida – 11,2%) va Shayxontohurda 8,9% (12,6 %) qayd etildi.

Daromadlilik darajasi boʻyicha investitsion jozibadorligi yuqoriroq boʻlgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 8,5% va 6,3%gacha tushdi. Joriy yil yanvar oyida ushbu koʻrsatkichlar 14,3% va 7,5%ni tashkil etib, 2024-yilning aprel oyidagiga (mos ravishda 30,2% va 25,5%) nisbatan sezilarli darajada kamaygan edi. Shuningdek, joriy yil aprel oyida 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik koʻrsatkichi 6,7% va 3,3%gacha kamaydi (2024-yil aprel oyida 24,9% va 30,6%).
Bank depozitlari daromadlilik darajasi
2024 yilning aprelidan 2025 yilning aprel oyigacha boʻlgan davrda jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 5,1% atrofida tebranib turgan boʻlsa, milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha stavka 22% ni tashkil etgan. Ushbu raqamlar bir tomondan, uy-joyning investitsiyaviy daromadliligi jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlaridan olinadigan oʻrtacha daromadlilikka yaqinlashayotganidan dalolat bersa, boshqa tomondan, milliy valyutadagi depozitlar boʻyicha foiz stavkalari jozibadorligi oshib borayotganini koʻrsatadi.