platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarga tabrik yoʻlladi

Bu yil 11 ming 500 nafardan ziyod oʻquvchi maktabni oltin medal bilan, 2 mingdan ortigʻi esa kumush medal bilan tugatgan. 

Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarga tabrik yoʻlladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Bugun Oʻzbekiston boʻylab maktablarda soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirlari boʻlib oʻtdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bitiruvchilarga tabrik yoʻlladi.

"Avvalo, siz, azizlarni hayotingizdagi bugungi unutilmas quvonchli voqea – maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatib, yetuklik shahodatnomasini qabul qilib olayotganingiz va mustaqil hayotga qadam qoʻyayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayyomda mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktabda mehribon ustozlar, hurmatli ota-onalar ishtirokida “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlarimiz shaʼniga ezgu tilaklar bildirilmoqda.

Barchamiz bu fikrlarga chin dildan qoʻshilgan holda, katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan oʻgʻil-qizlarimizga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-gʻayrat, omad va zafarlar tilaymiz.

Ayniqsa, maktabni oltin medal bilan bitirayotgan 11 ming 500 nafardan ziyod farzandlarimizga, 2 mingdan ortiq kumush medal sohiblariga oʻqish va izlanishda, jamoat ishlarida oʻz tengdoshlariga doimo oʻrnak va namuna boʻlib kelayotganlari uchun alohida tabrik va tilaklarimizni izhor etamiz", deyiladi tabrikda.

" Kelajagimiz egalari boʻlgan navqiron avlodimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Jumladan, sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy oʻquv yurti, 598 ta texnikum, koʻplab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, sanʼat va sport muassasalari samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Taʼlimning barcha boʻgʻinlarida oʻquv-tarbiya ishlarining sifati va natijadorligini oshirish, bitiruvchi yoshlarimizga tanlov imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi-yangi tizim va dasturlar, elektron platformalar ishga tushirilmoqda.

Sizlar ana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yoshlik faslining oltinga teng har bir daqiqasini qadrlab, kelgusida Vatanimiz mustaqilligini, el-yurtimiz manfaatlarini barcha sohalarda dadil himoya qiladigan yetuk kadrlar, ongli va olijanob insonlar boʻlib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilasiz, deb ishonaman", deya taʼkidlaydi prezident.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid