Qashqadaryoda "jihodchilar" oqimining 8 nafar aʼzosi turli muddatlarga qamaldi
Qarshi tumanida yashovchi,muqaddam sudlangan shaxs 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy jamoat tuzgan.

Qashqadaryoda “Jihodchilar” oqimining 8 nafar aʼzosi 6 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilgan.
Unda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etildi.
Xususan, Qarshi tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 155, 159, 244 prim 1, 244 prim 2 va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha bor sudlangan, oʻta xavfli retsidivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964-1986 yillar oraligʻida tugʻilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.
Tergov davrida aniqlanishicha, guruh aʼzolari oʻz yashash xonadonlarida yigʻilishlar oʻtkazib, “halifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilishgan.
Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarni gʻoyaviy daʼvatchilarining jihod, hijrat, halifalik toʻgʻrisidagi audio-video materiallarni oʻzaro bir-birlariga tarqatib, oʻz saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik gʻoyalarni singdirishga harakat qilishgan.
Taʼkidlash lozimki, guruh yetakchisi va aʼzolarining 4 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun umrining maʼlum bir qismini panjara ortida oʻtkazgan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 159, 244 prim 1 va 244 prim 2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha boʻlgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.