Metallolomga topshirilgan snaryad haqida rasmiy xabar berildi
Mudofaa vazirligi munosabatiga koʻra, bombani harbiy xizmatchilar sotmagan va ular javobgarlikka ham tortilmagan.

Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Harbiylarimiz metallolomga snaryad sotishibdi, keyin u portlabdi” sarlavhasi ostida videoga munosabat berdi.
Unga koʻra, ushbu snaryad vazirlik tasarrufida boʻlmagan hududda mahalliy choʻponlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan qazib olingan hamda metallolomga topshirilgan.
"Shuni alohida takidlash kerakki, bunday holatlarda fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan xabar qilishi shart. Ushbu voqeaga harbiy xizmatchilarning hech qanday aloqasi yoʻq va jinoiy javobgarlikka tortilmaganini maʼlum qilamiz. Mazkur turdagi snaryad Qurolli Kuchlarda mavjud emas. Maʼlumotlarga koʻra, bu turdagi snaryad 1970-yillarda qoʻllanilgan", deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda holat yuzasidan Harbiy prokuratura dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.