Eng koʻp foyda koʻrayotgan top-10 bank maʼlum boʻldi
Oʻzbekiston banklari 2025 yilning birinchi choragini 3 trln 419 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ancha yuqori koʻrsatkich.

Oʻzbekistonda eng koʻp foydaga erishayotgan banklar reytingi eʼlon qilindi. Bu haqda Pinkod nashri xabar bermoqda.
Ochiqlangan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston banklari joriy yil birinchi choragini 3 trln 419 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 41,7 foizga koʻproqdir.

Eng koʻp foyda koʻrgan TOP-10 banklar:
1. Oʻzmilliybank — 467,9 mlrd(+0,6%)
Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (NBU) 2025 yil birinchi choragi yakunida 467,9 milliard soʻm sof foyda qayd etgan.
Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan biroz (0,6 foiz) yuqoridir. Hozirda bankning umumiy aktivlari 136,9 trln soʻmga ($10,54 mlrd) yetgan boʻlib, yil boshidan beri 1,9 trln soʻmga oshgan. Ustav kapitali esa 16,2 trln soʻmni tashkil qilmoqda.
2. SQB — 404 mlrd soʻm(+18,9%)
SQB chorakni 404 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunlagan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga yoki 64,2 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Oʻzsanoatqurilishbank’ning jami aktivlari 2025 yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra 93,4 trln soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21,9 foizga oshgan.
Bankning foizli daromadlari 2,5 trln soʻmni tashkil etdi. Biroq kredit va lizingdan kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy yoʻqotishlar hisobdan chiqarilganda, sof foizli daromad boʻyicha 779 mlrd soʻm miqdorida zarar qayd etilgan. Foizsiz daromadlar esa 2,1 trln soʻmga yetgan(+33,8%).
3. Hamkorbank — 393,4 mlrd soʻm(+23,1%)
Hamkorbank chorakni 393 mlrd 409 mln soʻm sof daromad bilan yakunlagan. Bu oʻtgan yilning mos davri bilan solishtirganda 23,1 foizga koʻproqdir.
Bankning jami aktivlari hozirda 29,6 trln soʻmni tashkil etmoqda. Bu miqdor chorak davomida 879 mlrd soʻmdan koʻproqqa oshgan. Bankning foizli daromadlari 1,2 trln soʻmni tashkil etdi (sof foizli daromad — 265,5 mlrd soʻm). Shuningdek, foizsiz daromadlar 1,1 trln soʻmga yetdi.
4. Orient Finans Bank(OFB) — 282,1 mlrd soʻm(+47%)
Uch oylik yakunlarga koʻra, Orient Finans Bank 282,1 milliard soʻm sof foyda oldi. Bu natija oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 47 foizga koʻproqdir.
Bankning jami aktivlari 18,3 trillion soʻmni tashkil etib, hisobot davri boshidan beri 1,4 trillion soʻmdan koʻproqqa oshgan. Bankning foizli daromadlari 542,2 milliard soʻmni, sof foizli daromadlari 292,2 milliard soʻmni tashkil qilgan. Foizsiz daromadlar esa 245,5 milliard soʻmni tashkil etdi.
5. Ipak yoʻli banki — 280,4 mlrd soʻm(+20,6)
Ipak yoʻli bankining bu davrdagi sof foydasi 280,4 milliard soʻmni tashkil etdi. Raqamlar 2024 yilning shu davriga nisbatan 20,6 foizga koʻproqdir.
Bankning jami aktivlari hozirda 23,2 trillion soʻmni tashkil qilmoqda. Ustav kapitali esa 602,4 milliard soʻmni tashkil etadi. Bank ushbu davrda 1,2 trillion soʻmlik foizli daromad olgan boʻlib, sof foizli daromad 352,5 milliard soʻmni tashkil etdi. Foizsiz daromadlar esa 376,8 milliard soʻmga yetgan.
6. Kapitalbank — 276,3 mlrd soʻm (−26,9%)
Kapitalbank birinchi chorakni 276 milliard 346 million soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu natija 2024 yilning mos davriga nisbatan 26,9 foizga kamdir.
Bankning jami aktivlari hozirda 47,8 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Dastlabki chorakda bank aktivlari 466 milliard soʻmga oshgan. Foizli daromadlar 1,76 trillion soʻmni, foizsiz daromadlar esa 1,1 trillion soʻmni tashkil qilgan.
7. Trastbank — 200,8 mlrd soʻm (+3,3%)
Trastbank 2025 yilning birinchi choragini 200,8 milliard soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizga yoki 6,5 milliard soʻmga koʻproqdir.
Bankning jami aktivlari 12,2 trillion soʻmni tashkil qiladi. Bank foizli daromadlar boʻyicha 486 milliard soʻm natija koʻrsatgan boʻlsa, sof foizli daromad 234 milliard soʻmni tashkil etdi. Foizsiz daromadlar esa 218,3 milliard soʻmni tashkil qilmoqda.
8. BRB— 196,4 mlrd soʻm (+149,8%)
Biznesni rivojlantirish banki dastlabki chorakda 196,4 milliard soʻm sof daromad qayd etdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 149,8 foizga koʻproqdir. Maʼlumot uchun, bank 2024 yilda 2,2 trln soʻmlik sof zarar bilan, 36 ta bank ichida eng koʻp zarar koʻrgan bank boʻlgan.
Hozirda BRB’ning jami aktivlari 33,9 trillion soʻmni tashkil qilmoqda. Hisobot davrida bank foizli daromadlardan 1,6 trillion soʻm, foizsiz daromadlardan esa 666,7 milliard soʻm olgan.
9. KDB Uzbekistan — 149 mlrd soʻm (+36,8%)
KDB Uzbekistan 2025 yil birinchi choragida 149 milliard soʻm sof foyda koʻrsatdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 36,8 foiz oʻsish demakdir.
Bankning jami aktivlari hozirda 9,3 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Foizli daromadlar 201,9 milliard soʻmni, foizsiz daromadlar esa 71,7 milliard soʻmni tashkil qilgan.
10. Davr bank — 129,8 mlrd soʻm (+22,2%)
Davr bank birinchi chorakni 129,8 milliard soʻmlik sof foyda bilan yakunladi. Bu 2024 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 22,2 foizga koʻproqdir.
Bankning jami aktivlari hozirda 10,4 trillion soʻmni tashkil qilmoqda. Hisobot davri boshidan beri aktivlar 1 trillion soʻmdan koʻproqqa oshgan. Bank foizli daromadlardan 762,4 milliard soʻm, shundan 180,8 milliard soʻm sof foizli daromad olgan. Foizsiz daromadlar esa qariyb 122 milliard soʻmni tashkil etgan.
Avvalroq davlat OTMlari 2024 yilda qancha foyda koʻrgani ochiqlangandi.