platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Sloveniya rahbari bilan muzokaralar oʻtkazdi

Tovar ayirboshlashni dastlab 500 million yevroga yetkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan energetika obʼektlarini qurish va modernizatsiya qilish, farmatsevtika boʻyicha kelishuvlarga erishildi. 

Shavkat Mirziyoyev Sloveniya rahbari bilan muzokaralar oʻtkazdi

Lyublyana shahridagi Prezident saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, soʻnggi 20 yilda ilk bor oʻtkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Siyosiy muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar koʻpaydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. Oʻzbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import oʻrnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistondan toʻqimachilik, meva-sabzavotlar, mineral oʻgʻitlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilgʻor texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.

Sloveniyaning "Koper" porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari oʻrganiladi.

Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obʼektlarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy koʻnikmalar va mehnat standartlari boʻyicha oʻqitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va togʻli hududlarda rivojlantirish istiqbolli yoʻnalish sifatida belgilandi. Taʼlim sohasida tomonlar diplomlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi oʻtkaziladi.

Gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar oʻzaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida Oʻzbek kinosi haftaligini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdilar.

Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga oʻzi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishni taklif etdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid