Shavkat Mirziyoyev Ukraina boʻyicha boshlangan diplomatik saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi
Oʻzbekiston rahbari Gʻazoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishidan chuqur tashvish bildirdi.

Oʻzbekiston prezidenti Budapeshtda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar sammitida nutq soʻzladi. Unda prezident Ukraina, Falastin va Afgʻoniston muammolariga ham toʻxtaldi.
"Bugungi sammitimiz shiddat bilan oʻzgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib boʻlmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida oʻtmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov boʻlmoqda.
Shu sababli dolzarb muammolar yechimi boʻyicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir.
Taʼkidlash lozimki, biz eng ogʻriqli muammolarga xalqaro huquq meʼyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz.
Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yoʻli bilan hal etishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Hurmatli Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylarining bu boradagi munosib hissasini alohida eʼtirof etmoqchiman", dedi davlat rahbari.
Prezident Gʻazoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchani chuqur tashvishga solayotganini aytdi.
"Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili roʻyobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas.
Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida soʻz yuritar ekanmiz, Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afgʻoniston boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi", deya taʼkidladi Oʻzbekiston rahbari.