Qashqadaryoda 3 nafar advokat qoʻlga olindi
Ulardan biri Chiroqchi tuman sudi tomonidan 2 nafar fuqaroga nisbatan qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasini oʻzgartirib berish evaziga 4 ming dollar olayotgan boʻlgan.

Qashqadaryoda 3 nafar advokat qoʻlga olindi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahrida faoliyat olib boruvchi advokatlik byurosi advokati jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan 2 nafar fuqaroga nisbatan qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali boshqa ehtiyot chorasiga oʻzgartirib berish evaziga 4 000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Navbatdagi holatda Qarshi shahridagi advokatlik byurosi advokati fuqarolik ishlar boʻyicha Qarshi tumanlararo sudining ish yurituvida boʻlgan ishni huquqiy yordam soʻrab murojaat qilgan fuqaro foydasiga hal qilib berish yuzasidan u bilan shartnoma tuzib, xizmat haqi evaziga 2 mln. soʻm va davlat boji uchun 1,5 mln. soʻm oladi.
Ammo, advokat mazkur fuqarolik ishini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hal qilishini aytib, qoʻshimcha 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati huquqiy yordam soʻrab murojaat qilgan fuqaro bilan shartnoma tuzmagan holda, Muborak tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi ish yurituvida boʻlgan bezorilik huquqbuzarligiga oid ishning unga tegishli qismini tergovchi orqali ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilib, muqaddam 2 mln. soʻm oladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokat ushbu ishni goʻyoki ijobiy hal qilganligini aytib, qoʻshimcha 2 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.