Ogʻir hududlarda 12 mingga yaqin kishi ishga joylashtirildi
Respublika ishchi guruhi Andijon, Surxondaryo, Xorazm va Jizzaxda faoliyat olib bordi. Deyarli 33 ming aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻtkazildi.

Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Andijon, Surxondaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarida davom ettirdi.
Oʻttizga yaqin vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhlari faoliyati Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar hamda sayyor qabullar, xonadonbay oʻrganishlar davomida aholi tomonidan koʻtarilgan muammolardan kelib chiqqan holda joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qilish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash kabi qator yoʻnalishda amaliy yordam koʻrsatishdan iborat boʻldi.
Ushbu maqsadda oʻtgan bir hafta davomida jami 200 dan ziyod ommaviy sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda 3,5 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 1 mingdan ziyodi joyida ijobiy hal etildi. Oʻrganish uchun vaqt va mablagʻ talab etadigan murojaatlar Respublika ishchi guruhi nazoratiga olinib, ulrga yechim topish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar berildi.

Ochiq muloqotlar davomida fuqarolardan asosan joylarda kommunal va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam, sogʻliqni saqlash sohalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ular tegishli soha masʼullari tomonidan oʻrganilib, amaliy yordamlar koʻrsatildi.
Jumladan, Respublika ishchi guruhi masʼullari yordamida joylarda ichki yoʻllarni talab darajasiga keltirish uchun 30 km.ga yaqin yoʻllar shagʻallashtirildi, 15 km.dan ziyodiga asfalt qoplamasi yotqizidi.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 260 dan ziyod transformatorlar yangisiga almashtirildi yoki kapital taʼmirlandi, 3 mingdan ziyod yangi temir-beton tayanch ustunlari oʻrnatildi, 30 km.ga yaqin yangi SIP kabellar tortildi.

Gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 105 ta gaz taqsimlash punktlari, 46 km. quvurlar kapital taʼmirlanib, soz holatga keltirildi.
Aholini ichimlik va ekin suvi bilan taʼminlash holatini yaxshilash maqsadida 3 ta yangi suv inshooti oʻrnatildi, 17 tasi taʼmirlandi, 24 km. quvurlar soz holatga keltirildi, 235 km. lotok, ariq va zovur chiqindilardan tozalanib, 14 km. qismi betonlashtirildi.
Sanitariya va egologik ahvoli ogʻir boʻlgan 200 dan ziyod ijtimoiy soha obʼektlari tartibga keltirildi.
Respublika ishchi guruhi vakillarining eʼtibor markazidagi asosiy masalalardan yana biri ishsizlik va kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan mahallalarda fuqarolarga amaliy koʻmak koʻrsatish boʻldi.
Ana shunday mahallalarda “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari asosida yangi loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga amaliy yordam koʻrsatildi, qoʻshimcha mehnat yarmarkalari tashkillashtirildi.
Misol uchun, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 1,8 ming nafar fuqarolarga 35 mlrd soʻm imtiyozli kredit ajratilishi taʼminlandi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar va oʻtkazilgan mehnat yarmarkalari natijasida 97 ta mahallada 1,3 mingga yaqin kambagʻal oilaga bandlik va daromad manbasini yaratish va turmush darajasini yaxshilash uchun moddiy sharoitlar yaratildi. Ishsiz boʻlgan 12 mingga yaqin aholi mavsumiy va doimiy ishga joylashtirildi, 300 ga yaqin fuqaro malakasini oshirish uchun bepul oʻqishga yoʻnaltirildi.
Aholi sogʻligʻini himoyalash va mustahkamlash maqsadida joylarda deyarli 33 ming aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻtkazildi. Natijada, 1,1 ming nafar fuqaroga Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarga davolanish uchun order, 260 nafariga nogironlik aravachasi, 466 nafariga protez-ortopediya vositalari va 5,8 ming nafariga bepul yetkazib berildi.
Bundan tashqari, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 90 ga yaqin ogʻir mahallalarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etildi.
Respublika ishchi guruhining galdagi manzili - Fargʻona, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari.