platina.uz
Siyosat

Mirziyoyev Turkiy davlatlar norasmiy sammitida qatnashdi

Prezident tashkilot aʼzolarining oʻzaro savdo ulushini oshirish maqsadida "Turk-treyd" onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha amaliy dastur qabul qilish taklif etdi. 

Mirziyoyev Turkiy davlatlar norasmiy sammitida qatnashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan oʻzgarib borayotganini qayd etdi.

Prezidentimiz dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini koʻrsatib oʻtdi va qator yangi takliflar bildirdi.

Siyosiy jihatdan Oʻzbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida oʻzaro savdo ulushini oshirish maqsadida "Turk-treyd" onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.

Transkaspiy xalqaro yoʻlagi orqali yuk tashish hajmining oʻsishini taʼminlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yoʻnalish boʻylab "yagona darcha" va "yashil yoʻlaklar" tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Turkiy investitsiya jamgʻarmasi taʼsis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Qoʻshma venchur kompaniyasi va Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini taʼkidladi.

Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, togʻ-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari iqlim kun tartibiga toʻxtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida oʻtgan Xalqaro iqlim forumi davomida "yashil" taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurgʻoqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga koʻmaklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurgʻoqchilik va ekologik muammolarning oldini olish boʻyicha qoʻshma "yoʻl xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi.

Oʻzbekiston Prezidenti fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga aʼzo mamlakatlarning taʼlim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa boʻlishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamgʻarmasi kengashining navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi.

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti turkiyalik atoqli olim, biokimyogar, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid