platina.uz
Jamiyat

Chegarada 1 mln dollarlik sintetik narkotik moddalar toʻxtatib qolindi

Mazkur ish doirasida jami yetti kishi ushlandi. Ular Telegram orqali Rossiya fuqarosi koʻrsatmalarini bajarib kelgan. 

Chegarada 1 mln dollarlik sintetik narkotik moddalar toʻxtatib qolindi

DXX tomonidan Qozogʻistondan olib kelingan sintetik giyohvanlik vositalari aylanmasiga chek qoʻyildi.

Xizmatning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Qozogʻistondan mamlakatimizga Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1983 va 1988 yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaroga tegishli tibbiy uskunalar koʻzdan kechirildi. Natijada ushbu uskunalar ichiga yashirilgan, umumiy bahosi 1 million AQSh dollariga teng boʻlgan 4,206 kg “Mefedron” hamda 3,970 kg “Alʼfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ishga aloqador boʻlgan Toshkent shahri va viloyatida yashovchi, 1992, 1993, 1995 hamda 2000 yillarda tugʻilgan 5 nafar fuqaro ham qoʻlga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ular “Telegram” messenjeri orqali narkotik moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi koʻrsatmalarini bajarib kelishgan.

“Navoiy” chegara bojxona postida fosh etilgan boshqa holatda esa, 1980 y.t. Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi tomonidan aravakash sifatida yollangan shaxs Qozogʻiston Respublikasidan mamlakatimizga gaz plitasini olib kirgan vaqtida toʻxtatilib tekshirildi. Natijada, gaz plitasi ichida 1,985 kg “Alʼfa-PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida yashovchi, 2006 y.t. shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid